AQSH boshlagan urush dunyoni eng og‘ir ocharchilikka olib keldi
BMTga ko‘ra, agar urush yozgacha cho‘zilsa, millionlab insonlar hayot uchun zarur oziq-ovqatdan mahrum bo‘lishi mumkin.

Agar Eron bilan urush iyun oyigacha davom etsa, dunyoda o‘ta og‘ir darajada ochlikdan qiynalayotganlar soni 45 million kishiga ko‘payib, jami 319 milliondan oshadi — bu mutlaq tarixiy rekorddir. Bunday prognoz BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan e’lon qilindi.
«Bu dunyodagi ocharchilikni rekord darajaga olib chiqadi va bu o‘ta dahshatli istiqboldir», - dedi tashkilot ijrochi direktori o‘rinbosari Karl Skau Jenevadagi matbuot anjumanida.
Skauning so‘zlariga ko‘ra, 28-fevralda AQSH va Isroil urushi boshlanganidan beri tashkilotning dengiz orqali yuk tashish xarajatlari 18 foizga oshgan — ayrim yo‘nalishlarni to‘liq o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan. Urush asosiy gumanitar yo‘laklarni to‘sib qo‘ygan, oqibatda eng og‘ir inqiroz hududlariga hayotiy muhim yuklarni yetkazib berish kechikib qolmoqda.
Narxlarning ko‘tarilishi tashkilotni moliyalashtirish keskin kamaygan bir paytda sodir bo‘lmoqda: donor davlatlar mablag‘larni tobora ko‘proq mudofaa ehtiyojlariga yo‘naltiryapti.
«Hatto ushbu urushgacha ham biz og‘ir vaziyatda edik — ochlik na ko‘lami, na chuqurligi bo‘yicha hech qachon bunchalik shafqatsiz bo‘lmagan edi», — deya qo‘shimcha qildi Skau.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi 28-fevral kuni boshlangan edi. Mojaroning ilk kunlaridayoq Eron oliy rahbari Ali Xomaniy o‘ldirildi — mamlakat boshqaruvi uning o‘g‘li Mujtaba qo‘liga o‘tdi. Bunga javoban Tehron qo‘shni davlatlarga zarbalar berdi va Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, nizo qurbonlari soni Eronda kamida 1 255 kishini, Livanda esa 773 kishidan ortiqni tashkil etmoqda. Neft narxi keskin ko‘tarilib, bir barrel uchun 100 dollardan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.





