Eron urush boshlanganidan beri ilk bor BAAda yirik gaz konini yoqib yubordi

Bugun 17:382 daqiqa

Birlashgan Arab Amirliklarining asosiy porti Fujeyra neft yuklashni to‘xtatdi.

Eron urush boshlanganidan beri ilk bor BAAda yirik gaz konini yoqib yubordi

Birlashgan Arab Amirliklari hukumati Saudiya Arabistoni bilan chegara yaqinida joylashgan Shax gaz konida operatsiyalarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu qaror Eron dronlari hujumidan keyin qabul qilingan, deb xabar berdi «Bloomberg»

Hujum natijasida obyektda kuchli yong‘in yuzaga kelgan. Ushbu konni «ADNOC» va «Occidental Petroleum» birgalikda boshqaradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Bu urush boshlanganidan beri Eron BAA hududidagi neft-gaz obyektiga zarar yetkazgan birinchi holat bo‘ldi.

Fujeyra porti neft yuklashni to‘liq to‘xtatdi

Mojaro kuchaygan bir paytda, strategik ahamiyatga ega Fujeyra porti neft yuklashni to‘liq to‘xtatdi. Bu port BAA neftini Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tib eksport qilish imkonini beruvchi yagona yo‘l hisoblanadi. 17-mart kuni neft terminallari va dengizdagi shvartovka nuqtalari ishdan to‘xtatildi.

Mintaqadagi beqarorlik yanada kuchaydi: BAA havo hududi dron va raketalar hujumi tufayli vaqtincha yopildi, keyin esa reyslar tiklandi. Bir kun oldin Eron Dubay xalqaro aeroportida yoqilg‘i rezervuariga zarba bergan, bu esa shahar ustida quyuq tutun paydo bo‘lishi va reyslarning qisqa muddatga to‘xtatilishiga olib kelgan.

Neft narxi taxminan 40 foizga oshdi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopilishi BAA, Saudiya Arabistoni, Iroq va Kuvaytni neft ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur qildi. Qatar esa suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatdi. So‘nggi ikki haftada neft narxi taxminan 40 foizga oshdi, bu esa AQSHda benzin narxining ko‘tarilishiga olib keldi. Dizel narxi 5 dollar/gallondan oshib, 2022-yil dekabridan beri ilk bor bunday darajaga chiqdi.

Bu vaziyat Donald Tramp uchun Kongressga oraliq saylovlar arafasida muammo bo‘lishi mumkin. U Eron bilan urushni shu hafta yakunlash mumkinmi, degan savolga: «Men bunday deb o‘ylamayman, ammo bu tez orada sodir bo‘ladi – kutishga ko‘p qolmadi», deb javob bergan.

Teglar

Mavzuga oid