Naqdsiz to‘lovlarga o‘tish oldidan uylar savdosi rekord darajaga chiqdi

Bugun 13:283 daqiqa

1-apreldan O‘zbekistonda uy-joylarni sotish va sotib olish jarayonlari naqdsiz shaklda o‘tkaziladi. Yangi tartib kuchga kirishi oldidan mamlakatda rekord darajada uylar sotilmoqda.

Naqdsiz to‘lovlarga o‘tish oldidan uylar savdosi rekord darajaga chiqdi

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi: uy-joy oldi-sotdi bitimlari yillik hisobda 32,4 foizga ko‘payib, 29,7 mingtani tashkil etdi. Bitimlarning uchdan bir qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Ko‘chmas mulk bozoridagi bitimlarning yillik o‘sishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida (53 foiz) qayd etildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 39 foiz, Toshkent shahrida esa 49 foizlik o‘sish kuzatildi.

Oylik dinamikada esa Toshkent viloyati (25 foiz), Navoiy (22,6 foiz) va Sirdaryo (13,4 foiz) yetakchi bo‘ldi.

Fevral oyida Toshkent shahrida oldi-sotdi bitimlari hajmi 1,4 foizga oshib, taxminan 8,9 mingtani tashkil etdi.

1

Dekabr oyida oylik uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 30 mingtadan oshib, rekord darajaga yetgandi. So‘nggi ikki yilga qaraydigan bo‘lsak, odatda yanvar-fevral oylarida uy savdosi nisbatan pastroq bo‘lardi. 

Biroq, 2026 yil boshida uy-joy savdosida faollik saqlanib qoldi. So‘nggi uch oyning barchasida avvalgi davrlarga nisbatan ko‘proq uy-joy oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Bozordagi bu faollik qisman 1-apreldan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdolarini naqdsiz shaklga o‘tkazilayotganligi bilan izohlanadi. 2025 yil 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisi O‘zbekistonda uy sotish va sotib olish jarayonlarini naqdsiz shaklda amalga oshirish rejalashtirayotganligini ma’lum qilgan edi

2026 yil 16-mart kuni esa Prezident farmoniga asosan, Adliya vazirligi Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, endi notariuslar ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar bo‘yicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiradi. Bu aholi orasida jarayon uzoq davom etadi, qo‘shimcha mablag‘ yoki hujjat talab qilishi mumkin, degan xavotirni uyg‘otmoqda. 

Shu sababli ko‘pchilik yangi qoidalar kuchga kirishdan oldin uy-joyini sotish yoki sotib olishni tezlashtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari yillik hisobda o‘rtacha 9 foizga oshgan bo‘lsa-da, fevral oyida o‘sish sur’ati biroz sekinlashdi.

Qiziqarli jihati shundaki, narxlar o‘sishi bo‘yicha Surxondaryo viloyati 22 foizlik natija bilan rekord o‘rnatdi. Shuningdek, Sirdaryoda 19,3 foiz, Jizzaxda 16,3 foiz va Qoraqalpog‘istonda 15,9 foizlik o‘sish qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar hududlarda uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligini tasdiqlaydi.

2

Poytaxtdagi vaziyat

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxi yillik hisobda 3,2 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirobod (7 foiz), Yakkasaroy (5,6 foiz), Shayxontohur (5,4 foiz) va Chilonzor (5,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar ancha tez o‘sib, bir kvadrat metr narxi 11,5 foizga oshdi. Ayniqsa, Mirobod (18 foiz), Mirzo Ulug‘bek (15,4 foiz) va Yunusobod (15,2 foiz) tumanlarida yuqori o‘sish kuzatildi.

Umuman olganda, fevral oyi natijalari ko‘chmas mulk bozorida barqaror talab saqlanayotgani va narxlar mo‘’tadil o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid