Yosh oilalarga ipoteka qaytdi: eski xatolar takrorlanadimi?
Yosh oilalarga uy-joy olishda imtiyozli ipoteka beriladi. Ammo bu safar tizim haqiqatan muhtojlarga ishlaydimi yoki avvalgidek imkoniyati borlarga xizmat qiladimi — savol ochiq qolmoqda.

O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka stavkasining 14 foizdan yuqori qismi budjet hisobidan qoplab berilishi ma’lum qilindi. Biroq imtiyozli ipotekaning boshqa shartlari hozircha ochiqlanmagan.
«Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi», degan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev.
Bu yangi tizim emas. Avvalgi yillarda ham uy-joy olishda imtiyozli ipoteka joriy qilingan, ammo resurs yetishmovchiligi, uy-joy taklifining kamligi va korrupsion omillar sababli to‘xtatilgan.
O‘tmishda qanday bo‘lgan edi?
2007-yilda tijorat banklari tomonidan yosh oilalarga imtiyozli asosda kredit berish bo‘yicha qaror imzolangan. Ushbu dasturga ko‘ra, kreditlar kamida 15 yil muddatga ajratilgan.
Yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari 3 yillik imtiyozli davr bilan berilib, foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan darajada belgilangan.
Kredit miqdorlari ham aniq cheklangan:
• yakka tartibdagi uy-joyni qurish yoki sotib olish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 3000 baravarigacha;
• uy-joyni rekonstruksiya qilish yoki ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravarigacha.
2017-yildan boshlab yosh oilalarga imtiyozli ipoteka kreditlari kvotalar, «Yoshlar ittifoqi» sertifikatlari va turli taqsimot mexanizmlari asosida ajratila boshlandi.
Ushbu dastur doirasida shaharlarda ko‘p kvartirali arzon uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlar 3 yillik imtiyozli davr bilan berilgan. Dastlabki 5 yil davomida foiz stavkasi yillik 7 foiz etib belgilangan, keyingi davrda esa Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan. Kredit muddati 20 yilgacha bo‘lgan, dastlabki badal esa kvartira qiymatining 25 foizini tashkil etgan.
Qishloq joylarda esa yangilangan namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun shunga o‘xshash shartlar qo‘llanilgan. Ya’ni, 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil uchun 7 foizlik stavka saqlangan, keyingi davrda esa Markaziy bank stavkasi bo‘yicha foiz hisoblangan. Kredit muddati bu yerda 15 yilgacha etib belgilangan.
Dastlabki badal miqdori uy turiga qarab farqlangan:
• 2–3 qavatli ko‘p kvartirali uylar hamda 2–3 xonali bir qavatli uylar uchun — 10 foiz;
• 2 qavatli, 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun — 25 foiz.
«2017–2021 yillarda imtiyozli ipoteka kreditlaridan asosan sadoqatli «kamolotchilar» va turli darajadagi davlat xizmatchilari foydalanishdi. Asosiy tanlov mezoni qo‘ng‘iroq huquqi, shaxsiy sadoqat ko‘rsatish yoki, afsuski, korrupsiya bo‘lgan», deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov blogida.
2021-yildan esa ipoteka kreditlarini moliyalashtirish bozor tamoyillariga o‘tishi bilan imtiyozli ipotekadan voz kechilgan edi.
«Imtiyozli kreditlar muhtojlarga emas, imkoniyati borlarga ishlagan»
«Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov imtiyozli ipoteka kredit tizimining nega to‘xtatilgani va u bilan bog‘liq korrupsion holatlarga to‘xtalib o‘tgan edi.
Uning aytishicha, tizim nazariy jihatdan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lsa-da, amalda boshqa qatlamlar manfaatiga xizmat qilgan. Xususan, Sergeli va Yangihayot tumanlarida muhtoj oilalar uchun qurilgan uylar atrofidagi vaziyat bunga dalil sifatida keltiriladi. Ayrim holatlarda ushbu uylar egalari qimmat avtomobillardan foydalanayotgani haqida reportajlar chiqqanini aytadi.
Iqtisodchiga ko‘ra, tizimdan asosan ikki toifa foyda ko‘rgan. Birinchisi — yuqori lavozimli amaldorlar va imkoniyati keng shaxslar. Ikkinchisi esa moliyaviy instrument sifatida imtiyozli kreditdan foydalanganlar. Ular past foizli kreditni olib, uni yuqori daromadli bank omonatlariga joylashtirish orqali foyda qilgan.
«Imtiyozlardan odatda va juda ko‘p holatlarda haqiqatan muhtojlar foydalana olmas edi. Asosan yuqori lavozimli shaxslar yoki moliyaviy imkoniyati borlar imtiyozli kreditlardan foydalangan. Ayrim hollarda esa 7 foizli kredit olib, uni 20 foizdan yuqori daromadli omonatlarga qo‘yish orqali foyda qilishgan. Agar jarayonlar shaffof bo‘lmasa va to‘liq raqamlashtirilmasa, bu yana o‘sha eski imtiyozli kreditlar tarixining qaytarilishi bo‘ladi», deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Shuningdek, u tizimda «spravkabozlik» keng tarqalganini ham ta’kidlaydi. Turli idoralardan olinadigan ma’lumotnomalar asosida imtiyoz berish amaliyoti inson omilini kuchaytirib, korrupsiya xavfini oshirgan.
Bakirov o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik zarurligini alohida ta’kidlaydi:
«Men aytardimki, bu tizim yo hech qanday cheklovlarsiz yo‘lga qo‘yilib, resurslar bilan to‘liq ta’minlanishi kerak. Agar resurslar yetarli bo‘lmasa, aslida biz 2017-yildagi samarasiz qarorni yana takrorlaymiz. 2021-yilda ham aynan shu sabab — samarasizligi va hamma foydalana olmagani uchun bekor qilingan. Yosh oilalar uchun ajratilgan kreditlardan amalda muhtojlar emas, balki imkoniyati borlar foydalangan. Buni ochiq aytish kerak — tizim hammaga teng ishlashi zarur», deydi iqtisodchi Bakirov.
U «yosh oila» tushunchasi va imtiyozli ipoteka siyosatida mezonlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlaydi. Negaki bugungi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda oila qurish yoshi o‘zgargan va bu kredit siyosatida ham inobatga olinishi kerak.
Bakirovga ko‘ra, avvalgi yondashuvlar bugungi real holatga mos kelmaydi. Hozir yoshlar oliy ta’lim olib, ishga joylashib, daromad manbaiga ega bo‘lgachgina oila qurmoqda.
«Yosh oilalar, masalan, 35 yoshga kirmaganmi? 30 yosh oila hisoblanmaydimi? Hozir qizlar 18–20 yoshda emas, 23–24 yoshda turmushga chiqyapti. Yigitlar ham avval o‘qib, ishlab, keyin oila qurmoqda. Shuning uchun yosh oila mezonlarini 21–35 yosh oralig‘ida belgilash kerak», deydi u.
Iqtisodchi yana bir muhim jihatga — oiladagi ikki tomonlama daromad masalasiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, agar ayol ham ishlasa va kredit to‘lovlarida ishtirok etsa, bu riskni kamaytiradi va bunday oilalarni qo‘shimcha rag‘batlantirish lozim.
«Agar ayol ham ishlab, kreditni birgalikda to‘layotgan bo‘lsa, bunday oilalarga qo‘shimcha imtiyoz berish kerak. Bu nafaqat moliyaviy barqarorlikni oshiradi, balki ayollarning iqtisodiyotdagi ishtirokini ham rag‘batlantiradi. Ularni jamiyatga integratsiya qiladi», deydi Bakirov.
Ijtimoiy siyosatda ma’muriy bosim emas, balki rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ustuvor bo‘lishi kerak. Uning fikricha, agar avvalgi yillardagi xatolar takrorlanmasa, bu yaxshi ijtimoiy qadam bo‘la oladi.
Yosh oilalar uchun uy-joy nega muhim?
Prezident ma’lumotiga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda qariyb 270 mingta yangi oila tashkil topmoqda. Xususan, 2025 yil yanvar–dekabr oylarida 267,1 mingta nikoh qayd etilgan.
Shu o‘rinda, 2027 yildan boshlab uy-joy qurilishini keskin oshirib, yiliga 140 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu nafaqat qurilish hajmini oshirish, balki yosh oilalarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini tizimli hal qilishga qaratilgan.
Yosh oilalarning o‘z uyiga ega bo‘lishi ularning mustaqil hayot boshlashini tezlashtiradi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi. Uy-joy mavjudligi ko‘plab muammolarning ildiziga ta’sir qiladi — ijaraga bog‘liqlik kamayadi, moliyaviy rejalashtirish aniqroq bo‘ladi, oilaviy barqarorlik oshadi.
«Yosh oilalarning o‘z uyiga ega bo‘lishi dunyoqarashni ham o‘zgartiradi, hayotga munosabatni ham yangilaydi. Bu ko‘plab muammolarning ildiziga yechim bo‘lishi mumkin», deydi Bakirov.
Yosh oilalar uchun ipoteka imtiyozi — muhim ijtimoiy qadam, biroq u o‘tmishdagi byurokratik xatolar va «spravkabozlik» botqog‘iga botmasligi kerak. Aks holda, bu tashabbus yana natija bermay, budjetdan milliardlab mablag‘lar samarasiz sarflanishi mumkin. Tizim adolatli ishlasa va faqatgina muhtojlarga xizmat qilsa, shundagina uning natijalari yuzaga chiqadi.
Teglar






