Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi — 14 foiz

Bugun 10:561 daqiqa

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 18-martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi — 14 foiz

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2026 yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi inflatsiyaning pasayish sur’atlarini sekinlashtirgan. Shu bilan birga, yuqori iste’mol faolligi saqlanib qolmoqda va tashqi bozorlardagi noaniqliklar narxlarga qo‘shimcha bosim keltirishi mumkin.

2026 yil boshidan inflyatsion jarayonlarda muayyan tezlashish kuzatilib, bazaviy inflatsiya fevral oyida yillik 6,3 foizni tashkil etdi. Umumiy inflatsiya esa 7,3 foiz darajasida shakllandi.

Markaziy bank qayd etishicha, iqtisodiyotda yuqori talab saqlanib qolmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo hajmi, ko‘chmas mulk bitimlari hamda budjet xarajatlari orqali namoyon bo‘lmoqda. Bunday faollik sanoat, xizmatlar va qurilish sohalarida o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar narxlarining o‘sishi kelgusida iste’mol narxlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklar, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, energiya resurslari va oziq-ovqat narxlarining oshishi ehtimoli ham inflatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.

Markaziy bank ma’lum qilishicha, qat’iy pul-kredit siyosati inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizga tushirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Zarur holatda siyosat yanada qat’iylashtirilishi mumkin.

Navbatdagi yig‘ilish 2026 yil 29-aprel kuniga belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid