O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘onaga ko‘tarildi
Mamlakat birinchi marta «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoriga kirdi. O‘zbekiston oldingi yillarda asosan erkin bo‘lmagan davlatlar safida bo‘lgan.

Joriy yilning mart oyida iqtisodiy erkinlik indeksi bo‘yicha navbatdagi hisobot «Meros» jamg‘armasi (Heritage Foundation) tomonidan e’lon qilindi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 184 ta dunyo mamlakatlari orasida 60,3 ball (+2,3 ball) bilan 86-o‘rinni egalladi va 2025-yilga nisbatan dunyo reytingida 14 pog‘onaga yuqoriladi (2018-yilga nisbatan 66-pog‘onaga o‘sishga erishdi).
O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik darajasi bo‘yicha jahon (59,9 ball) hamda mintaqaviy (58,6 ball) o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib, birinchi marta «o‘rtacha erkin» («moderately free») davlatlar qatoriga kirdi (oldingi yillarda asosan erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida bo‘lgan). Respublika bahosidagi 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy va 2 tasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa, qolgan 2 tasida esa o‘zgarish kuzatilmagan.
Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini barpo etish yo‘lida muhim islohotlarni amalga oshirayotgani, iqtisodiy erkinlikni ta’minlovchi, yanada ochiqroq va zamonaviyroq tizimga o‘tishni ko‘maklashuvchi siyosatni olib borayotgani ta’kidlangan. Xususan, hukumat bank sektori va davlat korxonalariga aralashuvni kamaytirishga amal qilib kelayotgani hamda biznesni boshlash jarayoni soddalashtirilgani qayd etilgan. Hisobotda keltirilishicha, zamonaviy mehnat bozori rivojlanishda davom etmoqda, ammo norasmiy sektorda bandlik sezilarli darajada saqlanib qolmoqda.
Davom etayotgan inflyatsion bosimga qaramasdan, mamlakatning pul-kredit holati nisbatan barqaror darajada saqlanayotgani hamda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining so‘nggi bosqichida ekanligi e’tirof etilgan.
Iqtisodiy erkinlik indeksi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning samaradorligini baholashda, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, davlatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va imijini shakllantirish, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Bu o‘zi qanday indeks?
Iqtisodiy erkinlik indeksi – mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiya muhiti va bozor munosabatlari holatini baholaydigan muhim xalqaro ko‘rsatkichdir. Iqtisodiyot va moliya vazirligining bildirishicha, iqtisodiy erkinlik indeksi O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan 15 ta xalqaro reyting va indekslardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiy erkinlik indeksi metodologiyasiga ko‘ra mamlakatlar iqtisodiy erkinlik darajasi bo‘yicha 5 guruhga bo‘linadi: 80–100 ball — «erkin iqtisodiyot», 70–79.9 ball — «asosan erkin», 60–69.9 ball — «o‘rtacha erkin», 50–59.9 — «asosan erkin emas», 0–49.9 ball — «iqtisodiy jihatdan repressiyalangan».
Yetakchilar kimlar?
Iqtisodiy erkinlik indeksida Top 4 likni quyidagi davlatlar egalladi:
Singapur – 84.4
Shveysariya – 83.7
Irlandiya – 83.3
Avstraliya – 80.1
O‘zbekiston boshqa reytinglarda
2025-yilda «Fitch» va «S&P» O‘zbekiston suveren kredit reytingini ilk marotaba «BB-»dan «BB» darajasiga, «Moody’s» respublika reyting kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi. Natijada, O‘zbekiston hukumati va boshqa emitentlar uchun yangi qarz jalb qilish xarajatlarini o‘rtacha 1,06 - 1,40 foizga pasaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi hamda 17 bank va korxonalarning reytingi oshirildi.





