«Qirg‘izneftegaz»dagi talon-toroj: Qamchibek Tashiyev oilasining maxfiy sxemalari oshkor bo‘lgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bugun 14:474 daqiqa

Qirg‘iziston soliq xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev oilasi qanday qilib «Qirg‘izneftegaz» davlat kompaniyasi orqali daromad olganini ochib berdi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi kompaniyada talon-toroj holatlari aniqlanganini ma’lum qildi.

«Qirg‘izneftegaz»dagi talon-toroj: Qamchibek Tashiyev oilasining maxfiy sxemalari oshkor bo‘lgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Soliq xizmati ilk bor so‘nggi besh yil davomida neft sohasida Tashiyevning qarindoshlari foydalangan sxemalar tafsilotlarini oshkor qildi. Tergov markazida o‘z neftni qayta ishlash zavodiga ega bo‘lgan «Qirg‘izneftegaz» davlat kompaniyasi turibdi.

Soliqchilar versiyasiga ko‘ra, neft zavodga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki 13 ta vositachi kompaniya orqali yetkazilgan. Tergovda aytilishicha, ularning 11 tasi Qamchibek Tashiyevga bog‘liq bo‘lgan. Ushbu firmalar xomashyoni sotib olib, keyin uni yana o‘sha zavodga qayta sotgan.

Natijada, soliq xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, davlat 3 milliard somdan ortiq (taxminan 34 million dollar) zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tayyor mahsulot ham ushbu guruhga aloqador kompaniyalarga arzonlashtirilgan narxlarda sotilgani ta’kidlanmoqda.

Tergovda «Salыk Servis» davlat muassasasi mutaxassisi Anarbek Kataganovning so‘zlari keltirilgan. Uning aytishicha, kompaniyalar orasida Tashiyevning jiyaniga tegishli «Moko Group» alohida ajralib turgan.

Uning ma’lum qilishicha, mazkur korxona yonilg‘i-moylash materiallarini juda katta hajmlarda xarid qilgan, hatto mashhur «Red Petroleum» tarmog‘idan ham ko‘proq. «Moko Group» ta’sischilari qatorida Qamchibek Tashiyevning o‘g‘li Tay-Muras Tashiyev ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Adliya vazirligi arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil 6-noyabrga qadar kompaniya ta’sischilaridan biri sifatida Qamchibek Tashiyevning o‘zi ham qayd etilgan.

Qirg‘iziston IIV reaksiyasi

«Qirg‘izneftegaz»dagi talon-toroj bo‘yicha soliq xizmati tekshiruviga Qirg‘iziston IIV ham munosabat bildirdi. Idora jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va bir nechta shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

17-mart kuni bir necha kishi militsiyaga chaqirilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida Qamchibek Tashiyevning o‘g‘li Tay-Muras ham borligi aytilgan, ammo keyinchalik IIV bu ma’lumotni rad etib, Tay-Muras Tashiyev so‘roq qilinmaganini bildirdi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat ishi «Qirg‘izneftegaz»da yonilg‘i-moylash materiallarini noqonuniy sotish va tarqatish sxemalariga oid bo‘lib, unda korxona xodimlari va ularga bog‘liq kompaniyalar ishtirok etgan. Ta’kidlanishicha, bu harakatlar noqonuniy foyda olish va soliq to‘lashdan qochish uchun sharoit yaratgan.

Keyinroq IIV bir nechta shaxs qamoqqa olinganini ma’lum qildi va ularning faqat bosh harflarini keltirdi:

— N.N. (1983 y.t.) — «Qirg‘izneftegaz» boshqaruvi sobiq raisi;

— A.R. (1980 y.t.) — boshqaruv raisi sobiq o‘rinbosari;

— A.N. (1988 y.t.) — bog‘liq kompaniyalardan biri direktori;

— M.B. (1990 y.t.) — bog‘liq kompaniya sobiq direktori.

Jurnalistlar aniqlashicha, M.B. — Baygazi Matisakov bo‘lib, u Qamchibek Tashiyevning jiyani (opasi Kanigulning o‘g‘li) hisoblanadi. IIV ro‘yxatida Tashiyevlar oilasining bevosita vakillari ko‘rsatilmagan.

Xorijda bo‘lib turgan Kamchыbek Tashiyevning o‘zi, lavozimdan ketganidan so‘ng kadrlar «tozalashi» yuzasidan ham, soliq xizmati xulosalariga nisbatan ham izoh bermagan.

Uning o‘g‘li Tay-Muras esa bayonot berdi. U ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyasi imtiyozli holatga ega ekani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini yozgan. Uning ta’kidlashicha, neftni qayta ishlash zavodi mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati boshqa kompaniyalarda ham bo‘lgan.

Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining «Svodka AKIpress» tahririyatiga ma’lum qilishicha, Qamchibek Tashiyev 18-mart kuni Ichki ishlar vazirligining Tergov bo‘limida so‘roq qilingan. U kkita jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida tergov-tezkor tadbirga taklif etilgan. Tashiyev tergovchilar oldiga advokati bilan birga kelgan. Taxminan besh soat davom etgan so‘roqdan so‘ng Qamchibek Tashiyevdan tergov harakatlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida tilxat olingan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan rasmiy izoh berilmagan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi 17-fevral kuni Qirg‘izistondan uchib ketgan edi. U mamlakatga qachon qaytib kelgani noma’lum. Tergovning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan.

Prezident administratsiyasi Tashiyevlar oilasini «Qirg‘izneftegaz»dagi talon-torojliklarda aybladi

IIV hozircha gumonlanuvchilarning faqat bosh harflarini e’lon qilib, soliq xizmati umumiy xulosalarini takrorlab kelayotgan bir paytda, prezident administratsiyasi Qamchibek Tashiyev oilasini korrupsiya sxemalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aybladi.

18-mart kechqurun prezident administratsiyasi axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov 2021-yildan beri «Qirg‘izneftegaz» Qamchibek Tashiyev ta’siri ostida bo‘lganini va bu katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelganini ma’lum qildi.

«Korrupsion sxema yaratilgan: Tashiyevlar oilasiga aloqador xususiy vositachi kompaniyalar orqali neftni qayta ishlash rasman o‘tkazilgan, amalda esa buni davlat zavodi bajargan. Asosiy daromad davlatga emas, xususiy shaxslarga ketgan», – degan u.

Hozir mamlakatda ehtimoliy talon-toroj bilan bog‘liq bu ish qanday yakun topishi muhokama qilinmoqda. Tahlilchi Tologon Keldibayev fikricha, hukumat qonun doirasida qat’iy harakat qilishi kerak:

«Bu masalani siyosiylashtirmaslik lozim. Agar faktlar tasdiqlansa, keyin natijasini ko‘ramiz», – dedi u.

Bayramda ko‘rinish bergan Tashiyev

Bugun, 20-mart kuni Qamchibek Tashiyev Manas shahridagi masjidda bo‘lib o‘tgan hayit namoziga tashrif buyurdi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoyozuvlar tasdiqlamoqda. Tashiyev bilan birga tadbirda O‘sh shahrining sobiq meri Jenishbek Toktorbayev ham ishtirok etgan. Matbuot bilan suhbatda maxsus xizmatning sobiq rahbari qirg‘izistonliklarga barqarorlik, har bir oilaga esa ezgulik va tinchlik tilagan. Tashiyev, shuningdek, muqaddas oy davomida uni tanqid qilganlarga ham murojaat qilgan.

«Agar mabodo xatoga yo‘l qo‘yib, kimnidir xafa qilgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Muqaddas Ramazon oyi davomida turli mish-mishlar tarqatgan va mag‘zava ag‘dargan har bir kishini Alloh yo‘lida kechirdim. Umid qilamanki, keyingi safar ular bunday yo‘ldan borishmaydi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatishmaydi. Yaratgan ularning qalbiga iymon bersin. Barchaga bayram muborak bo‘lsin», – degan Tashiyev.

Prezident Sadir Japarov esa Bishkek shahridagi 30 mingdan ortiq odam yig‘ilgan Eski maydonda hayit namozini ado etgan. Maydon atrofida militsiya xodimlari va shifokorlar navbatchilik qilgan. Jamoat tartibi kuchaytirilgan rejimda ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid