O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 yil ichida uch baravarga oshdi
2025 yilda Buyuk Britaniyadan pul o‘tkazmalari hajmi 2024 yilga nisbatan 39 foizga, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan yuborilgan mablag‘lar esa 37 foizga oshgan.

2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 18,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yildagi 6 milliard dollarga nisbatan 3 baravar yuqori.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, asosiy pul oqimi hanuz Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida xorijdan kelgan 15,8 milliard dollar o‘tkazmaning 78 foizi yoki 12,3 milliard dollari aynan shu davlatdan yuborilgan.
Shuningdek, Qozog‘istondan 903 million dollar, Turkiyadan esa 547 million dollar pul kelib tushgan. Bu raqamlar ham yillik o‘sishni namoyon etmoqda va yangi mehnat bozorlarining ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, migratsiya geografiyasi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari an’anaviy davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Koreyadan tashqari Yevropa va Osiyo mehnat bozorlariga ham faol kirib bormoqda.
Yevropa mamlakatidan o‘tkazmalar
2025 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 563 million dollar pul yuborilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. Shuningdek, AQSHdan 665 million dollar va Janubiy Koreyadan 612 million dollar yuborilib, o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga, Buyuk Britaniyadan 188 million dollar o‘tkazma qayd etilib, tushumlar 39 foizga o‘sgan.
Mutaxassislar fikricha, pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi mehnat muhojirlari ishlayotgan davlatlarda ishchi kuchiga talabning saqlanib qolishi, ish haqlarining barqarorligi va iqtisodiy faollikning oshishi bilan bog‘liq.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, global miqyosda migrantlarning asosiy qismi yuqori daromadli davlatlarda jamlangan. Eng yirik qabul qiluvchi mamlakatlar qatoriga AQSH, Germaniya va Saudiya Arabistoni kiradi.





