MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

Bugun 20:243 daqiqa

Markaziy bank 18-mart kuni, ya’ni ertaga asosiy stavkani e’lon qiladi. Vaqt.uz iqtisodchilarning ushbu masala yuzasidan bildirgan mulohazalarini jamladi.

MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

Markaziy bank ertaga, 18-mart kuni asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qarorini e’lon qiladi. Oxirgi marta 28-yanvarda inflatsiya pasayishda davom etayotgan bo‘lsa ham, talabning yuqoriligi bilan bog‘liq xizmatlar inflatsiyasi hamon yuqoriligicha qolayotgani ehtimoli inobatga olinib, asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.

«Katta ehtimol bilan stavka o‘zgarishsiz qoladi»

11

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, bu galgi qaror Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat fonida qabul qilinadi. Uning ta’kidlashicha, fevral oyida asosiy stavka va umumiy inflatsiya o‘rtasidagi ijobiy farq 6,7 foizni tashkil etgan, bu yanvarga nisbatan 0,1 foiz bandga kamaygan bo‘lsa-da, dekabr darajasi saqlanib qolgan. Shuningdek, yanvarda bazaviy inflatsiya bilan asosiy stavka o‘rtasidagi farq 8,2 foiz bo‘lgan.

«So‘nggi oylarda farq biroz qisqargan bo‘lsa-da, monetar sharoitlar nisbatan qattiqligicha qolmoqda», — deydi u.

Xolboyevning qayd etishicha, inflyatsion kutilmalar bilan stavka o‘rtasidagi farq 2,5 foizdan 2,8 foizgacha oshgan. Bu esa monetar sharoitlar yanada qattiqlashayotganini anglatadi. Shu bilan birga, bazaviy inflatsiya Markaziy bankning o‘rta muddatli maqsadiga yaqinlashmoqda: 6 oylik yilliklashtirilgan ko‘rsatkich 5,7 foizni tashkil etgan.

«Alternativ inflatsiya ko‘rsatkichlari kelasi yil boshidan inflatsiya targetga juda yaqin kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidlaydi iqtisodchi.

ning fikricha, bu holat asosiy stavkani pasaytirish uchun zamin yaratsa-da, bir qator omillar buni cheklamoqda. Jumladan, iqtisodiyot potensialidan yuqori o‘smoqda: yanvarda sanoat 7,8 foizga, chakana savdo 14,7 foizga oshgan. Bu esa talab omillari saqlanib qolayotganini anglatadi.

Shuningdek, inflyatsion kutilmalar hali barqaror emas. Ular umumiy inflatsiyadan 4 foiz bandga yuqori bo‘lib qolmoqda va stavkani pasaytirish bu kutilmalarni yomonlashtirishi mumkin.

Yaqin Sharqdagi vaziyat ham muhim omil sifatida qayd etilmoqda. «Hozir davlatlar ochiq urush holatida. Bu neft narxining oshishi va ta’minot zanjirlarida uzilishlarga olib kelmoqda», — deydi Xolboyev.

Uning baholashicha, urush davom etsa, global iqtisodiy o‘sish 0,3–0,4 foiz bandga sekinlashishi, inflatsiya esa 0,6 foiz bandgacha tezlashishi mumkin.

Shu bilan birga, Eronning tranzit ahamiyati orqali import inflatsiyasiga ta’sir ehtimoli ham ta’kidlanadi. Olting narxining yuqori bo‘lishi esa ma’lum darajada valuta kanali orqali bosimni yumshatishi mumkin

«Agar Yaqin Sharqda urush bo‘lmaganida stavka pasayishi mumkin edi. Lekin hozirgi sharoitda katta ehtimol bilan stavka o‘zgarishsiz qoladi», — deydi u.

«Hozircha pul-kredit siyosatini yumshatish ehtimoli past»

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham Vaqt.uz'ga stavka pasayishini kutmayotganini bildirdi.

«Tushishini kutmayapman. Qator tashqi noaniqliklar — Erondagi urush, logistika muammolari, neft narxi — kuchaygan. Yaqin oylarda energetik tariflar oshishi ham kutilmoqda. Bunday sharoitda pul-kredit siyosati yumshatilishi ehtimoli past», — deydi u.

Uning fikricha, hozircha kuzatish pozitsiyasini saqlash muhim.

«Yil davomida tashqi noaniqliklarga iqtisodiyot qanday moslashishiga qarab, stavka pasayish fazasiga o‘tish mumkin. Lekin hozir emas», — deya xulosa qildi Bakirov.

Ma’lumot uchun, asosiy stavka oxirgi marta 2025 yil 20-mart kuni 0,5 foiz bandga oshirilgan. Shundan buyon stavkada hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi.

Teglar

Mavzuga oid