Poytaxtdagi do‘kon peshlavhalari nega olib tashlanmoqda?

Bugun 17:157 daqiqa

Toshkentda noqonuniy tashqi reklamaga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Shu yilning fevraliga kelib, bu jarayon yanada tezlashdi. Tarmoqlarda esa tadbirkorlarning noroziligi aks etgan videolar tarqaldi.



2025-yil aprel oyidan boshlab Toshkentda noqonuniy tashqi reklamaga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda.

Shu yilning fevraliga kelib, bu jarayon yanada tezlashdi. Shahar ma’muriyati bunday reklama turiga peshlavhalarni ham kiritmoqda. Bundan tashqari, bannerlar va boshqa reklama konstruksiyalari ham demontaj qilinmoqda.

Bu choralar reklama bozorida tartib o‘rnatish hamda poytaxtda yagona dizayn kodiga amal qilingan tashqi reklamalarga o‘tish jarayoni bilan izohlanmoqda.

Reydlar natijasida ayrim ko‘chalardagi qator do‘konlar peshlavhasiz qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa tadbirkorlarning ushbu holatdan noroziligi aks etgan videolar keng tarqaldi. Hatto, ayrim do‘kon egalari yangi peshlavhalarni qanday tartibda va qaysi qoidalarga muvofiq o‘rnatish mumkinligi haqida ham yetarli tushunchaga ega emas.

Vaqt.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida peshlavhasi olib tashlangan do‘kon egalari hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining mas’ul xodimiga mikrofon tutdi. Shuningdek, fikr yetakchilarining ham bu boradagi qarashlari o‘rganildi.

Tadbirkorlar nimadan norozi?

Aksariyat tadbirkorlarga ko‘ra, ularga peshlavhalar olinishi bo‘yicha oldindan hech qanday rasmiy ogohlantirish berilmagan.

«Bizning reklama peshlavhalarimiz hech qanday ogohlantirishsiz olib ketildi. Hech bo‘lmaganda bir oy oldin xabar berishlari kerak edi — ya’ni demontaj qilinishi haqida. Axir bu xarajatlarning barchasini tadbirkorlar o‘z hisobidan amalga oshiradi. Biz zararni qoplab berishni talab qilmayapmiz, lekin oldindan ogohlantirish bo‘lishi shart edi. Shunda reklama peshlavhamizni o‘zimiz yechib olishimiz mumkin bo‘lar edi. Hozir esa ularning qayerdaligini ham bilmaymiz.

Qolaversa, ayrim joylarda peshlavhalar olib tashlangan, boshqalarniki esa qolib ketgan — bu nimaga bog‘liq ekanini tushunmadik. Kimgadir imtiyoz berilgandek taassurot uyg‘onadi.

Yana bir masala — endi peshlavha uchun har oy to‘lov qilinishi aytildi. Bu haqda ham oldindan hech qanday ma’lumot berilmagan», deydi u.

Yana bir tadbirkor esa o‘zining Instagram sahifasida joylagan postida holat yuzasidan hech qanday izoh berilmay, peshlavhalar buzib tashlanayotganini, bunday sharoitda esa biznes yuritish tobora murakkablashib borayotganini ta’kidlagan.

«Ko‘chadagi barcha tashqi reklama va peshlavhalar yig‘ib olib ketilmoqda, ustiga-ustak buzib tashlanmoqda. Sababini so‘rasak, hech kim aniq javob bermaydi. Axir biz noqonuniy ish qilmayapmiz-ku — nega reklama yechib olinishi tushuntirilmayapti.
Shunda savol tug‘iladi: maqsad nima — pul yig‘ishmi yoki tadbirkorlarni qiynashmi? Biz barcha xarajatlarni o‘zimiz qoplaymiz, ammo shunga qaramay yangi talablar qo‘yilmoqda. Bunday sharoitda ishlash deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda», deydi u.

Ayrim tadbirkordar davlat interaktiv xizmatlari portaliga reklama uchun pasport olishga ariza tashlangani va arizasi belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilmayotganini ham aytishdi.

Jamoatchilik yetakchilari fikri

Mazkur vaziyatga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lib saylangan, Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Bobur Bekmurodov ham munosabat bildirdi.

«Bu, albatta, noqonuniy harakat. Chunki shahar kengashining qarori hali kuchga kirmagan. Demontajlar esa bir necha oy oldin boshlangan, ya’ni huquqiy asosga ega bo‘lmagan harakatlar amalga oshirilgan. Biz zudlik bilan barcha davlat idoralari va hokimlik vakillarini bunday harakatlarni to‘xtatishga chaqiramiz hamda “bor peshlavhani ikki kunda almashtirib kel” kabi amaliyotlarni bekor qilishni talab qilamiz. Tadbirkor bu buyruqbozlik bilan muomala qiladigan subyekt emas; u hamkor, sherikdir. Shu sababli barcha muammolarga faqat muloqot orqali yechim topish lozim», deydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov munosabat bildirib, hukmron partiya va senatorlarimiz amaldorlarga o‘zbilarmon so‘rov yuborish o‘rniga, ularni parlamentga chaqirishi kerakligini ta’kidladi.

«Bilmayman, deputat va senatorlarimiz buzuvchi va uzuvchi amaldorlar Konstitutsiyaning kafolat normalariga daxl qilishayotganini tushunishmoqdami? Agar tushunishganida bu favqulodda hodisa ekanini anglab, tiyiqsiz amaldorlarga so‘rov jo‘natib, javob kutib o‘tirmay, ularni parlament gilamiga chaqirgan, jonli efirda hisobot so‘ragan va zo‘ravonlikni to‘xtatishni talab qilishgan bo‘lishardi. 

Janob deputatlar va senatorlar yana bilishlari kerakki, hokim-u vazirlar aynan sizlarga hisobdor, aksi emas», deydi Bakirov.

Shaharsozlik va urbanizatsiya bo‘yicha mutaxassis Iskandar Soliyevga ko‘ra, peshlavha va reklama bannerlarini tartibga solish — ya’ni ularni qayerga, qanday shaklda va qanday materiallardan foydalanib o‘rnatishni belgilash — ijobiy amaliyot hisoblanadi. Chunki bundan ko‘zlangan maqsad shahar muhitini yaxshilashdir.

«Bu nafaqat estetik jihatdan, balki iqtisodiy tomondan ham foydali. Ko‘chalar vizual chiqindidan tozalanadi, shahar ko‘rinishi yanada tartibli va jozibador bo‘ladi. Natijada o‘sha hududlardagi tijorat nuqtalarining ham jozibasi ortadi: odamlar bunday joylarda ko‘proq sayr qilishni, vaqt o‘tkazishni istaydi. Ya’ni shahar muhitining vizual tozaligi oshadi» deydi Soliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra asosiy muammo ayrim hollarda peshlavhalar tadbirkorlar ogohlantirilmasdan, majburan yechib tashlanayotganida.

«Ayrim peshlavhalar hujjat jihatdan to‘liq rasmiylashtirilmagan bo‘lishi mumkin, ammo dizayn nuqtai nazaridan ular dizayn-kod talablariga mos kelishi ehtimoldan xoli emas. Shunga qaramay, ularni ogohlantirishsiz bir xil tarzda olib tashlash to‘g‘ri yondashuv emas.

Bu jarayon aniq qonuniy tartib asosida amalga oshirilishi kerak. Qaror kuchga kirgach, tadbirkorlarga moslashish uchun ma’lum muddat berilib, shu vaqt ichida dizayn-kod talablari, peshlavhalarni qanday o‘zgartirish va ruxsatnoma olish tartibi haqida keng tushuntirish ishlari olib borilishi lozim. Shundagina tartibga solish jarayoni adolatli va samarali bo‘ladi», — deydi Iskandar Soliyev. 

Masalaning huquqiy tomoni

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatovaga ko‘ra, qonunchilik mahalliy hokimliklarga shahar ko‘rinishini tartibga solish vakolatini beradi. Shaharsozlik kodeksining 58-moddasiga ko‘ra, hokimliklar hududlarni qurish va bezash bo‘yicha qo‘shimcha talablar belgilashi mumkin.

Bu talablar faqat binolar qurilishiga emas, balki reklama, peshlavha va boshqa axborot belgilarini joylashtirish tartibiga ham taalluqli. Ya’ni shahar hududida qanday reklama bo‘lishi, qayerga qanday peshlavha qo‘yilishi — bularning barchasi ma’lum qoidalarga asoslanadi.

Endi peshlavha qachon oddiy yozuv, qachon esa tashqi reklama hisoblanadi degan masala esa Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qarori bilan aniq belgilab qo‘yilgan.

Agar peshlavha binodagi o‘rnatilgan joyning 5 foizidan katta bo‘lsa yoki umumiy hajmi 1 metr kvadratdan oshsa, u oddiy peshlavha emas, balki tashqi reklama yoki axborot konstruksiyasi sifatida baholanadi.

Bunday reklama yoki peshlavhani joylashtirish uchun esa reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi kerak. Bu hujjat reklama qayerga va qanday o‘rnatilishini tasdiqlovchi ruxsat hisoblanadi. Mazkur pasport Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladi.

Agar tashqi reklama yoki peshlavha shu pasportsiz o‘rnatilgan bo‘lsa, u noqonuniy hisoblanadi. Bunday holatlarda aksilmonopoliya qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari tegishli qaror qabul qiladi.

Shundan ham jarayon konstruksiyani darhol buzib tashlash bilan boshlanmaydi. Avval konstruksiya egasiga 10 ish kuni vaqt beriladi — ya’ni u reklama yoki peshlavhani ixtiyoriy ravishda olib tashlashi mumkin.

Agar shu muddat ichida bu bajarilmasa, shundan keyingina mahalliy hokimiyat organlari uni majburiy tartibda demontaj qilish huquqiga ega bo‘ladi. 

Mutasaddilar izohi

Tashqi reklama loyiha ofisi rahbar o‘rinbosari Sarvar Solijonovning izohiga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishning maqsadi tadbirkorlarga zarar yetkazish emas, balki tashqi reklamalarni tartibga keltirishdir.

«Toshkent shahar hokimligi, Raqamli rivojlanish departamenti va Tashqi reklama loyiha ofisi Vazirlar Mahkamasining 428- va 104-son qaror talablariga muvofiq faoliyat yuritadi. Hozir shahar bo‘ylab barcha tumanlarda ushbu qaror talablariga binoan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Aholidan tushayotgan e’tirozlar o‘rinli, ammo maqsad hamma peshlavha yoki reklamani olib tashlash emas, balki ularni tartibga keltirishdir.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza topshirib, reklama yoki peshlavha uchun ruxsatnoma olishi lozim», deydi u.

Ma’lumotga ko‘ra, peshlavha yuzasi bir metr kvadratdan oshmasa uni bepul o‘rnanish mumkin. Agar obyekt 1 metr kvadratdan katta bo‘lsa, u tashqi reklama hisoblanadi va unga reklama pasportini olish talab qilinadi.

«Pasport olingach, yig‘im to‘lovlari ham belgilanadi. Peshlavha harf yoki logotip shaklida bo‘lishi mumkin. Masalan, logotipni bir kvadrat metrdan oshmaydigan holda joylashtirish mumkin. Peshlavhalarning rangini ham xohlagan tarzda tanlash mumkin — qizil, sariq, oq va boshqa ranglarda yozish ruxsat etiladi. Shu tarzda, tadbirkorlar o‘z reklamacini qonuniy va tartibli shaklda joylashtira oladi.

Ushbu reklama to‘lovlari Toshkent shahar kengashining qarorida belgilangan. To‘lovlar reklama turiga qarab farq qiladi: masalan, avtotransport reklamalari, peshlavhalar va tashqi chorrahalardagi LED ekranlar uchun alohida to‘lovlar mavjud. Har bir turdagi reklama uchun belgilangan yig‘im miqdori har xil», deyiladi izoxda.

Xullas, tadbirkorlar va mas’ullar masalaga turli tomondan qarashmoqda. Shunisi aniqki, poytaxtda yagona dizayn kodiga muvofiq tashqi reklamalarga o‘tishning zarurati bor gap. Shaharlarimiz ortiqcha vizual chiqindilardan tozalangani yaxshi.

Biroq muammo bu jarayon ura-urachilik bilan, tadbirkor va do‘kondorlarga yetarli darajada tushuntirish ishlari olib borilmasdan amalga oshirilayotganida.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 33

Barchasi

Mavzuga oid