BAA chet elliklar uchun soliq rezidentligi talablarini yumshatmoqchi
Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganlar arizalari mojaro tugaganidan keyin alohida tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari Eron bilan urush boshlanganidan keyin mamlakatni tark etgan chet elliklar uchun soliq rezidentligi talablarini yumshatishga tayyor ekanini bildirmoqda. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.
Hukumat qanday yengilliklar tayyorlamoqda?
Gap ekspatlarning soliq maqomini saqlab qolish uchun BAAda yil davomida minimal kunlar sonini o‘tkazish majburiyatini yumshatish ehtimoli haqida ketmoqda. Manbalarga ko‘ra, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganlar arizalari mojaro tugaganidan keyin alohida tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.
Hozirda chet elliklar odatda yil davomida kamida 183 kun yoki muhim aloqalar – ish yoki doimiy turar joymavjud bo‘lgan taqdirda 90 kun mamlakatda bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, qonunchilikda «hayotiy manfaatlar markazi» tamoyili amal qiladi, u insonning asosiy moliyaviy va shaxsiy manfaatlari BAAda jamlangan bo‘lsa, rezidentlikni saqlab qolish imkonini beradi.
Hukumat fors-major holatlarni, jumladan aviaqatnovlardagi uzilishlarni ham inobatga olishi mumkin. Ehtimoliy o‘zgarishlar Federal soliq xizmati va identifikatsiya hamda chegara nazorati uchun mas’ul organ tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldorlar avtomatik istisnolar joriy etishni rejalashtirmayapti, balki aniq holatlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishni afzal ko‘rmoqda.
BAAda soliq yili 1-yanvardan boshlanadi, shuning uchun 28-fevralda harbiy harakatlar boshlanganidan keyin mamlakatni tark etganlar talab qilingan kunlar soniga yetmaslik xavfiga duch kelmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyaga qaytganlar uchun bu soliq yukining sezilarli oshishiga olib kelishi mumkin.
Nima uchun bu muhim?
Qoidalarni yumshatish Dubay uchun juda muhim, chunki u o‘zini mintaqaning moliyaviy markazi sifatida namoyon qilib, daromadga nol soliq va xavfsiz yurisdiksiya sifatidagi obro‘si orqali boy chet elliklarni jalb qiladi. So‘nggi voqealar, jumladan infratuzilmaga qilingan hujumlar, bu tasavvurga putur yetkazdi.
Fevral oxiridagi mojaro boshida ba’zi boy rezidentlar mamlakatni tark etgan, ammo ularning bir qismi soliq maqomini yo‘qotmaslik uchun keyinchalik qaytib kelgan. Vaziyatni aviaqatnovlarga qo‘yilgan cheklovlar yanada murakkablashtirmoqda: ayrim Dubay reyslari bekor qilingan, havo makoni esa vaqti-vaqti bilan yopilmoqda.





