Pokiston Kobuldagi shifoxonaga zarba berdi – «Tolibon»
Afg‘onistonning ma’lum qilishicha, Pokiston havo zarbasi oqibatida 400 kishi halok bo‘lgan. Islomobod esa bu da’voni rad etmoqda.

Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati vakilining ma’lum qilishicha, kecha, 16-mart kuni Pokiston Kobuldagi giyohvandlikka qaramlar reabilitatsiyasi shifoxonasiga havo zarbasi bergan va buning oqibatida kamida 400 kishi halok bo‘lgan, 250 kishi jarohat olgan. Bu esa qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi mojaroning keskin kuchayganini ko‘rsatadi.

«Reuters» e’lon qilgan suratlarda hodisa joyida yong‘in izlari qolgani, qorayib ketgan bir qavatli bino ko‘zga tashlanadi. Boshqa joylarda binolar yog‘och va metall uyumlariga aylanib ketgan, ayrim xonalarda esa faqat bir necha ikki qavatli karavotlar butun holda qolgan. Atrofda yopinchiqlar, shaxsiy buyumlar va yotoq jihozlari sochilib yotadi.
«Kecha kechqurun kelganimda hamma narsa yonayotganini, odamlar yonayotganini ko‘rdim. Ertalab yana qo‘ng‘iroq qilishdi va vayronalar ostida hali ham jasadlar borligini aytib, meni qayta chaqirishdi», – dedi tez yordam haydovchisi Hoji Fahim «Reuters» agentligiga.
Zarar ko‘rgan muassasa oldida tez yordam mashinalari va politsiya avtomobillari to‘xtab turgan edi. Belgisida bu joy «1000 o‘rinli giyohvandlikni davolash shifoxonasi» deb ko‘rsatilgan. Xavfsizlik xodimlari esa hududni qo‘riqlab turishgan.

Pokiston bu da’voni yolg‘on va chalg‘ituvchi deb rad etdi hamda dushanba kuni kechasi «aniq ravishda harbiy obyektlar va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilmani nishonga olganini» ma’lum qildi.
Havo zarbasi Xitoy Osiyodagi ushbu davlatlar o‘rtasidagi taranglikni yumshatishga tayyorligini bildirganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Pekin har ikki tomonni urushni kengaytirmaslikka va muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgandi.

O‘tgan oy boshlangan mojaro 2600 kilometrlik chegaraga ega bo‘lgan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi eng og‘ir to‘qnashuv hisoblanadi. Xitoy kabi do‘st mamlakatlar vositachilik qilib, jangni to‘xtatishga harakat qilgan paytda mojaro biroz pasaygan edi, ammo keyin yana avj oldi.

Bu keskinlashuv mintaqadagi umumiy beqarorlik fonida yuz bermoqda. AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari hamda Tehronning javob choralari Yaqin Sharqni jiddiy inqirozga olib kirdi.
Pokiston: qo‘shimcha zarar yo‘q
«Tolibon»ning rasmiy vakili o‘rinbosari Hamdullah Fitratning aytishicha, havo zarbasi dushanba kuni soat 21:00 da amalga oshirilgan va davlatga qarashli «Omid» shifoxonasi nishonga olingan. Uning ta’kidlashicha, bu muassasa 2000 o‘rinli giyohvandlikka qarshi reabilitatsiya markazi bo‘lgan.
«Shifoxonaning katta qismi vayron qilindi va qurbonlar soni juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Afsuski, hozirgacha halok bo‘lganlar soni 400 nafarga yetdi, yana 250 nafargacha odam jarohat olgan», – deb yozdi u X tarmog‘idagi postida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qutqaruv guruhlari hodisa joyida yong‘inni o‘chirish va jabrlanuvchilarni qidirib topish ishlarini olib bormoqda.
Pokiston Axborot va teleradiotranslyatsiya vazirligi «Tolibon»ning bayonotini «faktlarni noto‘g‘ri yoritish» deb atadi. «X» tarmog‘ida tun davomida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Pokiston Kobul va Nangarhordagi harbiy obyektlar hamda «terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma»ni nishonga olgan. Ular qatorida texnika saqlanadigan joylar va o‘q-dorilar omborlari ham bo‘lib, bu obyektlar Afg‘oniston «Tolibon»i va Pokiston «Tolibon»i jangchilari tomonidan Pokiston fuqarolariga qarshi qo‘llanilgani ta’kidlangan.
«Pokistonning zarbalari aniq va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgan, shuning uchun qo‘shimcha zarar yetkazilmagan. Bu hodisani giyohvandlikni davolash muassasasi sifatida ko‘rsatish hissiyotlarni qo‘zg‘atishga qaratilgan bo‘lib, chegara orti terrorizmni noqonuniy qo‘llab-quvvatlashni yashirishga urinishdir», – deyiladi bayonotda.
OAV binoni olov qamrab olganini ko‘rsatmoqda
«Omid» shifoxonasi 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, u yuzlab odamlarni davolagan, shuningdek, ularni ish bilan ta’minlash imkoniyatini oshirish maqsadida tikuvchilik va duradgorlik kabi kasblarga o‘qitgan.
Mahalliy OAV tomonidan tun davomida tarqatilgan videolarda bir qavatli binoni alanga qamrab olgani, shu bilan birga, majmuaning boshqa qismida qalin tutun ko‘tarilayotgani ko‘rsatilgan.
Urush qanday boshlangandi?
Avval yaqin ittifoqchi bo‘lgan Janubiy Osiyodagi qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi shiddatli janglar o‘tgan oyda boshlandi. Islomobod Afg‘onistonda amalga oshirgan havo zarbalarida jangarilar panoh topgan nuqtalar nishonga olinganini bildirgan.
Afg‘oniston esa bu zarbalarni o‘z suverenitetiga tajovuz va tinch aholiga qarshi hujum deb baholab, javob zarbalarini amalga oshirdi.
Har ikki tomon ham bir-biriga katta zarar yetkazganini da’vo qilmoqda, ammo bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlash imkoni bo‘lmadi.
Islomobodning ta’kidlashicha, Kobul Pokistonga qarshi hujumlar uyushtiruvchi jangarilar uchun xavfsiz panohgoh taqdim etmoqda. «Tolibon» esa bu ayblovlarni rad etib, ekstremizmga qarshi kurash Pokistonning ichki muammosi ekanini bildirmoqda.
Afg‘onistonda inson huquqlari bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi Richard Bennet Pokistonning yangi havo zarbalari va ular oqibatida tinch aholi qurbon bo‘lgani haqidagi xabarlardan «chuqur tashvish»da ekanini bildirdi.
«Hamdardligimni bildiraman. Tomonlarni keskinlikni pasaytirishga, maksimal darajada ehtiyotkorlikka rioya qilishga va xalqaro huquqqa, jumladan, tinch aholi hamda shifoxonalar kabi fuqaroviy obyektlarni himoya qilish talablariga amal qilishga chaqirman», – dedi u «X» tarmog‘idagi bayonotida.





