«Amazon» o‘n yildan so‘ng yana smartfon bozoriga qaytishni rejalashtirmoqda

Bugun 17:435 daqiqa

«Transformer» deb nomlanayotgan yangi qurilma Jeff Bezosning ko‘p yillik g‘oyasining navbatdagi bosqichi hisoblanadi, u «Star Trek» ilmiy-fantastik serialidagi kabi ovoz orqali boshqariladigan universal yordamchi yaratishni istagan.

«Amazon» o‘n yildan so‘ng yana smartfon bozoriga qaytishni rejalashtirmoqda

2014-yilda «Amazon» o‘zining birinchi smartfonini taqdim etgan va «Apple» hamda «Samsung» bilan raqobatlashmoqchi bo‘lgan edi. Biroq asoschi Jeff Bezos shaxsan nazorat qilgan «Fire Phone» loyihasi bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida yopildi va kompaniyaning eng katta omadsiz loyihalaridan biriga aylandi. Endilikda «Amazon» yangi smartfon ustida ish boshlamoqda. Bu haqda manbalariga tayanib, «Reuters» xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, «Transformer» deb nomlanayotgan yangi qurilma kompaniyaning qurilmalar va servislar bo‘limida ishlab chiqilmoqda. To‘rt nafar manba ma’lumotiga ko‘ra, ushbu smartfon foydalanuvchiga moslashuvchan (personalizatsiya qilingan) mobil qurilma bo‘lishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, u «Alexa» ovozli yordamchisi bilan sinxron ishlaydi va kun davomida foydalanuvchilarni «Amazon» ekotizimi bilan bog‘lab turuvchi markaziy qurilma vazifasini bajarishi mumkin.

«Transformer» haqida nimalar ma’lum?

Bu tashabbus Jeff Bezosning ko‘p yillik g‘oyasining navbatdagi bosqichi hisoblanadi, u ilmiy-fantastik «Star Trek» serialidagi kabi ovoz orqali boshqariladigan universal yordamchi yaratishni istagan.

Bezos shunday smartfonni tasavvur qilgan ediki, unda onlayn-savdo asosiy o‘rin tutadi va u «Apple» bilan raqobatlashib, «Prime» orqali tez yetkazib berish va chegirmalarni taklif qiladi. Shu bilan birga, kompaniya mobil qurilma orqali foydalanuvchilar haqida yanada ko‘proq ma’lumot – xaridlar tarixi va kontentga qiziqishlarini ham olish imkoniga ega bo‘ladi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, «Amazon»ning yangi smartfon ishlab chiqish harakatlari avval e’lon qilinmagan. Loyiha qiymati, kutilayotgan daromad yoki investitsiya hajmi kabi jihatlar hozircha noma’lum.

«Transformer» loyihasining amalga oshirish muddatlari ham aniq emas. Manbalarga ko‘ra, strategiya o‘zgarishi yoki moliyaviy sabablarga ko‘ra to‘xtatilishi ham mumkin. «Amazon» vakili esa bu xabarga izoh berishdan bosh tortgan.

Manbalar aytishicha, yangi smartfon foydalanuvchilar uchun «Amazon»dan xarid qilish, «Prime Video» tomosha qilish, «Prime Music» tinglash yoki «Grubhub» kabi hamkorlar orqali taom buyurtma qilishni ancha osonlashtiradi.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri – qurilmaga sun’iy intellekt funksiyalarini chuqur integratsiya qilish. Bu esa an’anaviy ilovalar do‘konlariga ehtiyojni kamaytirishi mumkin, ya’ni foydalanuvchilar dasturlarni yuklab olish va ro‘yxatdan o‘tishsiz xizmatlardan foydalana oladi. «Alexa» asosiy element bo‘lishi mumkin, ammo telefonning asosiy operatsion tizimi bo‘lishi shart emas.

Shu bilan birga, sun’iy intellektga asoslangan qurilmalar tarixi omadsiz loyihalarga boy. Masalan, «Humane AI Pin» va «Rabbit R1» kabi qurilmalar katta kutilmalarga qaramay to‘xtatilgan.

Bunga qaramay, boshqa yirik kompaniyalar ham SI-qurilmalar ustida ishlamoqda. «OpenAI» «Apple»ning sobiq dizayneri Joni Ayv bilan yangi qurilmalar ustida ishlayapti. Shuningdek, «Apple», «Google» va «Meta» ham SI elementlari o‘rnatilgan ko‘zoynaklar, soatlar va quloqchinlar ishlab chiqmoqda.

«Amazon Web Services» bulutli infratuzilmada yetakchi bo‘lsa-da, kompaniya SI ilovalarini ishlab chiqishda raqobatchilardan ortda qolayotgani haqida tanqidlarga uchragan.

2025-yilda yangilangan «Alexa» esa «Amazon» uchun kelajakdagi asosiy iste’molchi xizmatlaridan biri sifatida qaralmoqda. Yangi smartfon esa foydalanuvchilarni sun’iy intellektdan yanada faol foydalanishga undash uchun navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

«Fire Phone» tarixi va «Amazon»ning yangi urinishi

«Amazon» 2014-yilda smartfon bozoriga kirganida, uning qurilmasi kamera orqali tovarlarni tanib, ularni «Amazon.com»da topib, avtomatik ravishda savatga qo‘shish kabi innovatsion funksiyalarga ega edi.

Biroq «Fire Phone»ning o‘z operatsion tizimi «Fire OS» «Android» va «iOS» platformalaridagi mashhur ilovalardan mahrum edi. Shuningdek, 3D tasvirlar uchun mo‘ljallangan murakkab ko‘p kamerali ekran tizimi juda ko‘p energiya sarflab, telefonning qizib ketishiga olib kelardi.

Kompaniya telefonni bir yillik bepul «Amazon Prime» obunasi bilan taklif qilganiga qaramay, u yomon sotildi. Narx 649 dollardan 159 dollargacha tushirildi, ammo baribir 14 oydan so‘ng loyiha yopildi. Natijada «Amazon» sotilmay qolgan zaxiralar uchun 170 mln dollar zarar ko‘rdi.

«R.W. Baird» tahlilchisi Kolin Sebastian fikricha, avvalgi muvaffaqiyatsizlik yangi urinishni imkonsiz qilmaydi, ammo bu oson bo‘lmaydi:

«Amazon» iste’molchilarga telefonni almashtirish uchun juda kuchli sabab berishi kerak – odamlar hozirgi ilovalar do‘konlariga qattiq o‘rganib qolgan».

Bugun ham «Amazon»ni o‘sha muammo kutib turibdi – bozor yetakchilari «Apple» va «Samsung»ni ortda qoldirish. «Counterpoint Research» ma’lumotiga ko‘ra, ular o‘tgan yili jahon sotuvlarining taxminan 40 foizini nazorat qilgan.

Shu bilan birga, bozor sharoiti ham murakkablashmoqda. «International Data Corporation» prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda smartfon yetkazib berish hajmi tarixdagi eng katta pasayishni ko‘rsatib, 13 foizga tushishi mumkin. Bu esa xotira chiplari narxining keskin o‘sishi tufayli qurilmalar qimmatlashib borayotgani bilan izohlanmoqda.

«Inqilobiy» qurilmalar mandati

«Amazon»ning yangi smartfon loyihasi «Devices» bo‘limi tarkibidagi «ZeroOne» deb nomlangan guruh tomonidan olib borilmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu guruhning vazifasi «inqilobiy» gadjetlar yaratishdan iborat. «ZeroOne»ga Jey Allard rahbarlik qiladi, u ilgari «Microsoft»da «Zune» va «Xbox» kabi qurilmalar ustida ishlagan.

«Amazon»2ning qurilmalar va servislar bo‘limi rahbari Panos Panay so‘nggi yillarda zrar ko‘rib kelayotgan bo‘limni qayta tiklashga harakat qilmoqda. Bu doirada yangi planshet ham tayyorlanmoqda – u ilk bor «Fire OS» emas, balki «Android»da ishlaydi va taxminan 400 dollar atrofida sotilishi mumkin.

«Transformer» loyihasi hali ham ishlab chiqish bosqichida. Loyiha ustida ishlagan uch nafar manbaning aytishicha, kompaniya ham an’anaviy smartfon, ham cheklangan funksiyalarga ega bo‘lgan «oddiy telefon» (dumbphone) variantlarini ko‘rib chiqqan. Bunday qurilma ekranga qaramlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Hozircha kompaniya mobil operatorlar bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar boshlamagan.

Yangi telefon uchun ilhom manbalaridan biri «Light Phone» bo‘lgan. Bu taxminan 700 dollarlik minimalistik smartfon bo‘lib, kamera, xarita va kalendar kabi asosiy funksiyalarga ega, ammo ilovalar do‘koni yoki brauzer deyarli yo‘q.

Manbalarga ko‘ra, bunday “ikkinchi telefon” konsepsiyasi Amazon’ga qurilmani asosiy smartfon sifatida emas, balki «Apple»ning «iPhone»lari yoki «Samsung» «Galaxy»lari bilan birga ishlatiladigan qo‘shimcha qurilma sifatida sotish imkonini beradi. «Counterpoint Research» ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda bunday oddiy telefonlar jahon bozorining taxminan 15 foizini tashkil etgan.

Mutaxassis Chetan Sharmaning fikricha, bir vaqtda ikki telefon ishlatuvchilar soni haqida aniq ma’lumotlar kam. Bugungi kunda bu amaliyot asosan ofis xodimlari (ish va shaxsiy hayotni ajratish uchun) yoki farzandlariga ijtimoiy tarmoqlardan cheklangan qurilma berishni istagan ota-onalar orasida ko‘proq uchraydi.

Teglar

Mavzuga oid