Endi soliqdan qarzi borlarning ham elektr to‘loviga cheklov kiritiladi

Bugun 16:002 daqiqa

Soliq qarzi 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan iste’molchilarning elektr to‘lovlariga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Mazkur tartib apreldan boshlab ayrim hududlarda ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Endi soliqdan qarzi borlarning ham elektr to‘loviga cheklov kiritiladi

Jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligini undirishda elektr energiyasi billing tizimiga asoslangan yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolar uchun elektr to‘lovlariga vaqtinchalik cheklov qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolar bir necha bosqichda ogohlantiriladi.

Avvalo soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma taqdim etiladi, keyin SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek, «Soliq» mobil ilovasi va Yagona portal orqali ham ma’lumot beriladi.

Agar qarzdorlik bartaraf etilmasa, soliq organlari elektr to‘lovlariga cheklov kiritilishi mumkinligi haqida qo‘shimcha SMS-xabarnoma yuboradi. Fuqarolar maxsus havola orqali qarzdorlik holati va ogohlantirish bosqichlarini kuzatishi mumkin.

Barcha ogohlantirishlarga qaramay qarz to‘lanmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng esa cheklov avtomatik tarzda darhol bekor qilinadi.

Mazkur tizim 2025 yil noyabrda qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq joriy etilmoqda. Soliq qo‘mitasi sinov natijalari asosida 2026 yil 1-oktabrgacha uni boshqa hududlarda ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritishi lozim.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mexanizmning asosiy maqsadi soliq qarzdorligini kamaytirish va budjet tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlashdan iborat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tizim doirasida «Soliq billing» avtomatlashtirilgan axborot platformasi ishlab chiqilgan va 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida sinov tarzida ishga tushiriladi. Tizimning natijalariga qarab uni boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

2025 yil 12-iyul holatiga ko‘ra, Namangan viloyatida 369 ming nafar jismoniy shaxsda soliq qarzi mavjud bo‘lib, ularning 43,4 ming nafarida qarzdorlik 1 mln so‘mdan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlaridan qarzdor bo‘lganlar uchun elektr to‘lov amaliyotlari vaqtincha to‘xtatila boshlangandi.

Teglar

Mavzuga oid