Logo

«Anor bank» ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi

Bugun 13:452 daqiqa

«Anor bank» ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi ayblovlarni bank obro‘siga putur yetkazuvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va manipulyativ deb baholab, ular yuzasidan huquqiy choralar ko‘rilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Anor bank» ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi © yandex maps

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Anor bank» haqida «xalqning hisobiga boyiyotgan bank» mazmunidagi videorolik tarqalgan edi. Ushbu video yuzasidan bank rasmiy munosabat bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, videoda keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, manipulyativ da’volarni o‘z ichiga oladi hamda bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadi.

Bank ta’kidlashicha, videoda ishlatilgan «xalq hisobidan boyiyotgan», «49 foizlik yillik qullik», «odamlarni umrboqiy qarz botqog‘iga botiruvchi tizim» kabi iboralar hissiy baholovchi mulohazalar bo‘lib, ular bank faoliyatining haqiqiy mazmunini aks ettirmaydi.

Shu bilan birga, bank aksiyalarining shartlari, limitlari yoki komissiyalari ataylab yashirilayotgani haqidagi da’volar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi qayd etilgan.

Bayonotga ko‘ra, bank mahsulotlarining barcha shartlari, jumladan foiz stavkalari, komissiyalar va boshqa talablar qonunchilikka muvofiq e’lon qilinadi. Mijozlar shartnoma imzolashdan oldin ushbu ma’lumotlarni to‘liq ko‘rib chiqish va ular bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, «Anor bank» reklama materiallaridan biri bo‘yicha vakolatli organdan ko‘rsatma olganini va uni o‘z vaqtida bajarganini tasdiqladi. Bankning ta’kidlashicha, regulyatorning e’tirozi aksiya shartlarining yashirilganiga emas, balki muayyan reklama materiali rasmiylashtirilishiga taalluqli bo‘lgan.

Bayonotda bank o‘z faoliyati haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirish va uning obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatishga qaratilgan harakatlarni manipulyatsiya deb baholagan.

Shuningdek, videorolik muallifi bo‘lgan jurnalistga sudgacha bo‘lgan rasmiy talabnoma yuborilgani ma’lum qilindi. Bank kelgusida ham o‘ziga nisbatan haqiqatga mos kelmaydigan va ishchanlik obro‘siga zarar yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilsa, qonunchilikda nazarda tutilgan barcha huquqiy choralarni qo‘llashini bildirdi.

«Biz mijozlarimiz va jamoatchilikni bunday materiallarga tanqidiy yondashishga hamda faqat bankning rasmiy manbalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga ishonishga chaqiramiz. Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot platformalari ma’murlari hamda Telegram-kanallar egalariga murojaat qilib, fakt sifatida taqdim etilgan, biroq tekshirilmagan bayonotlar va subyektiv fikrlarni tarqatmaslikni so‘raymiz», — deyiladi bank bayonotida.

Munosabat so‘nggida bank mijozlariga bildirgan ishonchi uchun minnatdorlik izhor qilib, bundan buyon ham ochiqlik, shaffoflik va mas’uliyatli hamkorlik tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi «Anor bank»ni ijtimoiy tarmoqlarda qonunga xilof ravishda reklama joylashtirgani uchun jarimaga tortgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

«Anor bank» ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi | Vaqt.uz