Urush kamida yana ikki yil davom etadi: NATO Ukraina uchun uzoq muddatli mudofaa rejasini tasdiqladi
Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti Ukrainaning tashkilotga a’zo bo‘lish masalasida jiddiy siljish yasamadi, biroq uzoq muddatli harbiy ko‘makni kafolatladi. Ittifoqchilar ikki yil ichida 140 milliard yevrogacha yordam berishga va’da berdi, AQSH esa «Patriot» tizimlarini ishlab chiqarish uchun litsenziya taqdim etdi.

Yangi kelishuvlar
Iyul oyi boshidan buyon Rossiya Kiyevga berilayotgan zarbalarni kuchaytirdi. 2-iyul tunida Ukraina poytaxtiga o‘nlab raketalar va yuzlab dronlar uchirildi. Zarbalar turar joy binolari, fuqarolik infratuzilmasi obyektlari va boshqa inshootlarga kelib tushdi. Oqibatda kamida 30 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq inson yaralandi. 6-iyul kuni esa Kiyev va uning atrofi yana ommaviy o‘qqa tutilib, yana 28 kishi, jumladan, 12 yoshli bola qurbon bo‘ldi. Mamlakatda ikki marta motam e’lon qilindi.
Anqaradagi NATO sammiti ayni shunday qaltis vaziyatda bo‘lib o‘tdi. Yakuniy deklaratsiyada ittifoqchi davlatlar Rossiyani yevroatlantika xavfsizligi uchun uzoq muddatli tahdid deb baholab, mudofaani kuchaytirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Tadbirning markaziy mavzularidan biri Ukraina havo hududini himoya qilish masalasi bo‘ldi. Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy ittifoqchilarni havo mudofaasi tizimlarini yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.
«Modomiki ushbu urush davom etar ekan, iltimos, bizga havo mudofaasi raketalari bilan yordam bering. Bu bizning eng ustuvor vazifamizdir. Qolgan barchasini o‘zimiz uddalay olamiz», — dedi u.

Ukraina uchun ballistik raketalarni urib tushirishning asosiy vositasi sifatida Amerikaning «Patriot» tizimlari qolmoqda. Kiyev uzoq vaqtdan buyon mazkur majmualar va ular uchun mo‘ljallangan tutuvchi raketalarning taqchilligi haqida bong urib keladi. Sammit bu borada muayyan siljishlarni olib keldi. AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Kiyevga raketalar ishlab chiqarish uchun litsenziya berishga tayyorligini ma’lum qildi.
«Sizga «Patriot» ishlab chiqarish uchun litsenziya beramiz. Bu ajoyib, shunday emasmi? Ana o‘shanda biz sizga yetarlicha yordam bermayotganimizni aytib, shikoyat qila olmaysiz. Ularni o‘zingiz ishlab chiqaring», — dedi u Zelenskiy bilan uchrashuvda.
Biroq harbiy tahlilchilarning fikricha, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun bir necha yil talab etilishi mumkin.
«Patriot» raketalarini ishlab chiqishga yillar ketadi. Shu sababli, Ukrainada ishlab chiqarish jarayonini Kiyevga zarur bo‘lgan qisqa fursatda yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi «Bloomberg Economics» nashri eksperti Bekka Vasser.
Ukraina uchun mazkur sammit NATOga a’zo bo‘lish yo‘lida yangi qadam bo‘la olmadi. Ittifoqchilar Kiyevni uzoq muddat qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan bo‘lsa-da, na taklifnoma berdi, na a’zo bo‘lishning aniq jadvalini belgilab berdi. Volodimir Zelenskiy esa, o‘z navbatida, urush yillarida Ukrainaning roli sezilarli darajada o‘zgarganini ta’kidladi.
«Shunday darajadagi mudofaa salohiyatiga ega bo‘lgan mamlakat va xalqni NATOdan tashqarida qoldirishni rostdan ham to‘g‘ri deb hisoblaysizmi?» — deya murojaat qildi u alyansga a’zo davlatlar yetakchilariga.
NATO deklaratsiyasida qayd etilishicha, ittifoqchilar 2026 yilda harbiy texnika, yordam va o‘quv mashg‘ulotlari uchun Kiyevga 70 milliard yevro ajratishni hamda 2027 yilda ham ko‘makning kamida shu darajasini saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa, ikki yil ichida olingan majburiyatlarning umumiy hajmi kamida 140 milliard yevroni tashkil etishi mumkin.
G‘arb ommaviy axborot vositalari, xususan, «Politico» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur mablag‘ bir nechta manba hisobidan shakllantirilishi lozim. Ushbu summaning taxminan 30 milliard yevrosi Yevropa Ittifoqining 2026–2027 yillar uchun Ukrainaga ajratadigan 90 milliard yevrolik kreditining harbiy qismidan, yana qariyb 40 milliard yevro esa ayrim ittifoqchilarning ikki tomonlama majburiyatlari hisobidan qoplanishi kutilmoqda. Bu o‘rinda gap qurol-yarog‘ yetkazib berish, texnika va o‘q-dorilar xarid qilish, ukrainalik harbiylarni o‘qitish hamda harbiy ko‘makning boshqa shakllari haqida bormoqda.
Sammitda tinchlik bitimi tuzilganidan so‘ng Ukrainaga taqdim etilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari alohida muhokama qilindi. Anqarada Zelenskiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Tramp bu masalada asosiy rolni Yevropa o‘ynashi mumkinligini ta’kidladi.
«Yevropa buni nazorat qiladi. Biz esa xavfsizlik paketini ishlab чиқишимиз mumkin. Rossiya bundan juda xursand bo‘ladi, chunki o‘shanda ular o‘z hududida faqat o‘z ishlari bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Ularda boylik ko‘p, ulkan salohiyat bor. Biroq bu qachon ro‘y berishini aniq ayta olmayman», — dedi AQSH prezidenti.
Ekspertlar xulosasi
Ekspertlarning fikricha, Anqaradagi NATO sammiti Ukrainaning tashkilotga a’zo bo‘lish masalasida keskin burilish yasamagan. Biroq Kiyev uchun hozirgi bosqichda muhimroq bo‘lgan natija — uzoq muddatli harbiy va moliyaviy ko‘mak kafolatlangan.
Siyosatshunos Aleksey Yakubinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun yordam faqatgina joriy yil yoxud NATOning navbatdagi sammitiga qadar emas, balki kamida yana ikki yil davom etishi kafolatini olish juda muhim bo‘lgan.
«Bu rasman e’lon qilindi: Ukrainaga qurol-yarog‘ uchun qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak doirasida joriy va kelgusi yilga mo‘ljallangan 140 milliard yevrolik reja tasdiqlandi. Albatta, ushbu dasturlarning katta qismi yangilik emas. Bu o‘rinda gap ko‘proq mavjud mexanizmlarni birlashtirish haqida bormoqda», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Uning fikricha, bu yerdagi eng asosiy jihat shundaki, moliyaviy yuk birinchi navbatda AQSHga emas, balki Yevropaning yetakchi davlatlari va Kanada zimmasiga tushadi. Shunday bo‘lsa-da, bunday majburiyatlarning olinishi Kiyev uchun muhim, chunki bu uzoq muddatli ishonch hissini beradi.
«Boshqa tomondan, bu mablag‘lar NATO urushning kamida yana ikki yil davom etishini taxmin qilayotganini ham ko‘rsatmoqda. Rossiya asosiy tahdidlardan biri sifatida belgilangan va alyans davlatlarida uni zaiflashtirish, jumladan, Ukraina kuchlari orqali bunga erishish maqsadi saqlanib qolmoqda», — deb hisoblaydi «TRT» suhbatdoshi.

Ekspert, shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarning iliqlashishini ham sammitning muhim natijalaridan biri sifatida qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatdan kelib chiqilsa, Tramp «Ukrainaga va frontdagi vaziyatga nisbatan munosabatini qaysidir ma’noda o‘zgartirgan».



