Logo

O‘zbekistonda qora metall aylanmasini tartibga solish uchun «E-lom» platformasi ishga tushiriladi

Bugun 17:553 daqiqa

1-avgustdan qora metallolom aylanmasi raqamli nazoratga o‘tadi. Prezident metallurgiya sohasida importga qaramlikni kamaytirish va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi.

O‘zbekistonda qora metall aylanmasini tartibga solish uchun «E-lom» platformasi ishga tushiriladi

13-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi «O‘zbekiston metallurgiya kombinati»da qora metallurgiya sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda sohada raqamli nazoratni kuchaytirish, xomashyo bazasini kengaytirish, importga qaramlikni qisqartirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, qora metallurgiya qurilish, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi umumiy qiymati 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun strategik ahamiyatga ega asosiy xomashyo hisoblanadi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2030 yilgacha mamlakat yalpi ichki mahsulotini 240 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Buning uchun iqtisodiyot har yili kamida 8–9 foiz o‘sishi zarur bo‘lib, metallurgiya sohasi zamonaviy texnologiyalar, barqaror xomashyo ta’minoti va raqobatbardosh mahsulotlarga tayanishi lozim.

«E-lom» nazoratni kuchaytiradi

Yig‘ilishning asosiy yangiliklaridan biri qora metall aylanmasini raqamlashtirish bo‘ldi.

Prezident 1-avgustdan «E-lom» elektron platformasini ishga tushirishni topshirdi. U orqali qora metallolom bilan bog‘liq barcha jarayonlar real vaqt rejimida kuzatiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Bekobod metallurgiya kombinati mahsulotining 40 foizi ikkilamchi metaldan, 60 foizi esa import xomashyo hisobidan ishlab chiqarilmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom rasmiy ravishda kombinatga topshirilsa-da, yana 500 ming tonna metallolom noqonuniy aylanmada qolmoqda.

Shu munosabat bilan Hukumat tarkibida alohida Loyiha ofisi tashkil etiladi. Uning vazifasi sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishdan iborat bo‘ladi.

Metallga talab ortib bormoqda


Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotida metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj tez sur’atlarda oshib borayotgani qayd etildi.

So‘nggi o‘n yilda po‘lat list, metall prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga talab uch barobarga oshib, 5,5 million tonnaga yetgan. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi va 800 ming xonadonli uy-joylar qurilishi natijasida metall mahsulotlariga yillik talab 2030 yilga borib 8 million tonnadan oshib ketishi kutilmoqda.

Prezident shuningdek, avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy texnika va qurilish materiallari sanoati uchun muhim bo‘lgan Quyuv-prokatlash majmuasi ishga tushirilganini ta’kidladi. Mazkur majmua hisobiga mamlakatda 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Sun’iy intellekt va yangi loyihalar

Yig‘ilishda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqarish xarajatlari, energiya sarfi va mahsulot tannarxini qisqartirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi. Shu tajriba asosida butun tarmoq uchun dastur ishlab chiqiladi.

Unga ko‘ra, metallurgiya korxonalarida raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, mahsulot tannarxini 10 foizga, energiya sarfini 15 foizga hamda texnik xizmat xarajatlarini 20 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Bekobodda «O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki» tashkil etilib, unda qora metallurgiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi va xalqaro sertifikat berish imkoniyatiga ega laboratoriya faoliyat yuritadi. Yangi o‘quv yilidan esa Bekobod metallurgiya kombinatida qora metallurgiya kafedrasi ochilib, dual ta’lim tizimi joriy etiladi.

Yig‘ilish yakunida Prezident qora metallurgiyada «texnologik sakrash» qilish vaqti kelganini ta’kidlab, importga qaramlikni kamaytirish, mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish, sun’iy intellektni keng joriy etish va xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirish tarmoqning eng muhim vazifalari bo‘lib qolishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid