Xorazmdagi barcha davlat bog‘chalari vaqtincha yopildi
14-iyuldan boshlab viloyatda havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
© sputnikXorazm viloyatida kutilayotgan anomal issiq ob-havo munosabati bilan barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 14-iyuldan boshlab viloyatda havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan, maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida 2026 yil 14–17-iyul kunlari viloyatdagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Davlat bog‘chalari faoliyati 2026 yil 20-iyuldan odatiy tartibda qayta tiklanadi.
Mas’ullar ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni farzandlar salomatligini asrashga qaratilgan profilaktik chora sifatida qabul qilishni hamda jazirama kunlarda bolalarning sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonning qator shahar va tumanlarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bir necha kunga faoliyatini to‘xtatishi xabar qilingandi. Bu qaror bolalarni ekstremal issiqning salbiy asrash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Bog‘chalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.





