Logo

O‘zbekistondagi anomal issiq sabab bog‘chalar ma’lum muddat yopilishi mumkin

Bugun 15:292 daqiqa

Bu bo‘yicha tegishli choralar hududlardagi havo haroratidan kelib chiqib belgilanadi.

O‘zbekistondagi anomal issiq sabab bog‘chalar ma’lum muddat yopilishi mumkin © Soliq xizmati

Joriy yilning 13–17-iyul kunlari O‘zbekiston bo‘ylab issiq va asosan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Buning ortidan respublikadagi maktabgacha ta’lim muassasalari vaqtincha yopilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova Vaqt.uz’ga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, vazirlik mazkur masala yuzasidan hududlardagi hokimliklar, Sanepidqo‘mita va «O‘zgidromet» bilan muloqot o‘tkazgan. Shunga ko‘ra, hokimliklar sharoitdan kelib chiqib, tegishli choralar ko‘rishi belgilangan. Lekin bu barcha bog‘chalar yopiladi degani emas. Bu bo‘yicha hududlardagi havo haroratidan kelib chiqib qaror qilinadi.

Ma’lumot uchun, ushbu haftada O‘zbekistonning katta qismida havo harorati +38...+41 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +42...+44 darajagacha bo‘ladi. Kunduzgi havo harorati +41...+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +42...+44 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari havo dim bo‘lib, +23...+28 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +28...+33 daraja atrofida bo‘ladi. Keyinchalik ish haftasining oxirigacha issiq asta-sekin kuchayib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonning qator shahar va tumanlarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bir necha kunga faoliyatini to‘xtatishi xabar qilingandi. Bu qaror bolalarni ekstremal issiqning salbiy asrash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Bog‘chalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistondagi anomal issiq sabab bog‘chalar ma’lum muddat yopilishi mumkin | Vaqt.uz