Rossiyada bir oyda 14,6 ming nafar chet ellik deportatsiya qilindi
Rossiyada iyun oyida o‘tkazilgan «Nelegal-2026» operatsiyasining birinchi bosqichida migratsiya sohasida 60,2 mingdan ortiq qonunbuzarlik aniqlandi. Natijada 14,6 ming nafar xorijlik mamlakatdan chiqarib yuborildi.
© RIA NovostiRossiya Ichki ishlar vazirligi iyun oyida o‘tkazilgan «Nelegal-2026» federal tezkor-profilaktik operatsiyasining birinchi bosqichi yakunlarini e’lon qildi.
Vazirlik rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qilishicha, operatsiya davomida migratsiya sohasida 60,2 mingta qonunbuzarlik aniqlangan.
Natijada 14,6 ming nafar xorijiy fuqaro ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki deportatsiya qilingan. Shuningdek, yana 29,3 ming nafar chet ellikning Rossiyaga kirishi taqiqlangan.
Tekshiruvlar davomida xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilgan 10,4 ming nafar ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, migratsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuzasidan 2 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan 301 nafar shaxs aniqlangan.
Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, reydlar davomida asosiy e’tibor xorijliklar zich yashaydigan hududlar, ular mehnat qilayotgan obyektlar, shu jumladan yo‘lovchi tashish va tovar yetkazib berish sohalaridagi faoliyatga qaratilgan.
«Nelegal-2026» operatsiyasining birinchi bosqichi joriy yil iyun oyida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) homiyligida Rossiya IIV, FXX va Rosfinmonitoring hamkorligida o‘tkazilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, operatsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish hamda qidiruvdagi shaxslarni aniqlashdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya xizmatlari uchun davlat bojlar keskin oshirilishi to‘g‘risidagi qonunni imzolangandi.
Qonunga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olish yoki undan chiqish uchun davlat boji 4,2 ming rubldan 50 ming rublgacha oshiriladi. Yashash guvohnomasini rasmiylashtirish uchun to‘lov esa 6 ming rubldan 30 ming rublgacha ko‘tariladi.





