2026 yilgi qoida 2025 yilga tatbiq etilmaydi: sud soliq organi qarorini haqiqiy emas deb topdi
Toshkent viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor 2025 yildagi faoliyati asosida QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinib, hisob raqamidan 23,7 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yechib olingan. Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng sud mazkur qarorni haqiqiy emas deb topdi.
© istockToshkent viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor D.A. uni qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida noqonuniy ro‘yxatga olish va hisob raqamidan majburiy tartibda mablag‘ yechib olinishi yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Biznes-ombudsman matbuot xizmati ma’lum qilishicha, viloyat soliq boshqarmasi 2026 yil yanvar oyida tadbirkorga yuborilgan xabarnoma asosida uni 2025-yildagi faoliyati natijalariga ko‘ra avtomatik tarzda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olgan. Shuningdek, 2026 yil fevral oyidagi tovar aylanmasidan 23,7 mln so‘mdan ortiq QQS mablag‘i majburiy tartibda hisobdan chiqarilgan.
Soliq organi bunda 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 462-moddasiga tayangan.
Biroq «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 41-moddasiga muvofiq, qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas. Shu sababli 2026-yildan amal qila boshlagan yangi tartibni tadbirkorning 2025-yildagi faoliyatiga nisbatan qo‘llash mumkin emasligi aniqlangan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mazkur tadbirkorning yillik aylanmasi QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun belgilangan 1 mlrd so‘mlik chegaradan oshmagan.
Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritgan.
Sud ish materiallarini ko‘rib chiqib, soliq organining tadbirkorni QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olish hamda tegishli QQS guvohnomasini rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarini qonunga zid va haqiqiy emas deb topdi.
Natijada tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
Avvalroq tadbirkorga noto‘g‘ri hisoblangan 100 mlrd so‘mlik soliq qarzi ombudsman aralashuvidan so‘ng bekor qilingandi.





