Logo

Qozog‘istonda aholini gaz bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan oshdi

Bugun 12:553 daqiqa

Bundan 10-15 yil oldin tabiiy gaz asosan Qozog‘istonning eng yirik uglevodorod konlariga ega bo‘lgan g‘arbiy mintaqalarida bor edi. Aholining katta qismi isinish uchun o‘tin va ko‘mir ishlatardi.

Qozog‘istonda aholini gaz bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan oshdi © kapital.kz

So‘nggi o‘n yil ichida Qozog‘istonni gazlashtirish darajasi 2016-yildagi 43 foizdan 2026-yil boshiga kelib 64 foizdan oshdi. Bu haqda «Ranking.kz» xabar berdi.

Ya’ni holat 21 foizga yaxshilangan, bu esa sezilarli natijadir. Gazlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Davlat rahbari buni bir necha bor ta’kidlagan. 2026-yil 30-iyunda parlament palatalarining qo‘shma majlisida prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonni gazlashtirishni tezlashtirish, tabiiy gaz ta’minoti darajasini 80 foizga yetkazish maqsadini qo‘ydi.

Bundan 10-15 yil oldin, tabiiy gaz asosan Qozog‘istonning eng yirik uglevodorod konlariga ega bo‘lgan g‘arbiy mintaqalarida bor edi. Boshqa mintaqalardagi millionlab aholi uchun ko‘mir, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilar isitishning asosiy vositasi bo‘lgan. Biroq, nashrning yozishicha, bu asta-sekin o‘zgarib bormoqda.

Gazlashtirish mamlakatning eng yirik infratuzilma loyihalaridan biriga aylandi va nafaqat energetika rivojlanishiga, balki turmush darajasiga, atrof-muhitga, mintaqalarning investitsiya jozibadorligiga va biznes imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.

Ko‘rilgan choralar

Gaz ta’minoti geografiyasining kengayishi, birinchi navbatda, qonunchilik va investitsiya loyihalari orqali amalga oshirilgan bir qator chora-tadbirlar bilan bog‘liq. Masalan, joriy yilning 11-iyunida parlament gaz va gaz ta’minotini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi.

Umuman olganda, Qozog‘istonda gazlashtirish aholining hayot sifatini yaxshilash, mintaqalarni rivojlantirish va mamlakatning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan 2035-yilgacha bo‘lgan umumiy gazlashtirish sxemasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Investitsiya loyihalari

2025-yil oxiriga kelib, 84 ta gaz ta’minoti loyihasining amalga oshirilishi natijasida 94 ta aholi punktida 354 mingdan ortiq aholi tabiiy gaz bilan ta’minlandi. Yil davomida 2000 kilometrlik gaz taqsimlash tarmoqlari qurildi. Natijada, Qozog‘istonning 20,5 million aholisining 13 milliondan ortig‘i endi tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega.

image_2026-07-13_11-15-33


2026-yilga kelib, gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish qo‘shimcha 36 ming kishini tabiiy gaz bilan ta’minlaydi. Bu yil gaz transporti tizimini rivojlantirish uchun respublika budjetidan 27,3 milliard tenge (57,5 million dollar) ajratildi. Magistral gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Qo‘stanay viloyatidagi yirik sanoat loyihalarini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun yangi KS-14 kompressor stansiyasi va «KS-14-Qo‘stanay» gaz quvurini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qatarlik investorlar ishtirokida amalga oshirilgan «Beyneu-Bozoy-Chimkent» gaz quvurining ikkinchi liniyasi qurilishining birinchi bosqichi ham davom etmoqda. Quvurning yiliga 10 milliard kubometrgacha gaz o‘tkazish quvvatiga ega 1500 kilometrlik chiziqli qismi shu yil oxiriga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Loyihaning 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichi kompressor stansiyalarini qurishni o‘z ichiga oladi, bu esa quvurning o‘tkazish quvvatini yiliga 15 milliard kubometr gazgacha oshiradi.

Yana bir strategik muhim loyiha — bu Olmaota va Yettisuv viloyatlariga qo‘shimcha gaz hajmini ta’minlaydigan «Olmaota –Toldiqo‘rg‘on» gaz quvurining ikkinchi liniyasini qurishdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda gaz importi eksportdan 3,5 barobarga oshgani haqida yozgan edik. Mamlakat 2026-yilda Rossiyadan rekord hajmda gaz sotib olishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid