Logo

«Yoz mavsumida «tonirovka» arzonlashtirilmaydi» — IIV

Bugun 13:362 daqiqa

Vazirlikka ko‘ra, bugungi kunda old va old yon oynalarining «tonirovka» narxi 2018-yilga qaraganda 11,25 baravar arzon.

«Yoz mavsumida «tonirovka» arzonlashtirilmaydi» — IIV © Ijtimoiy tarmoqlar

2025-yilning avgust oyida O‘zbekistonda arzonlashtirilgan mavzumiy «tonirovka» masalasi ko‘rib chiqilayotgani aytilgandi. Ammo bu borada hali o‘zgarish yo‘q. Bu haqda 14-iyul kuni Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Unda Vaqt.uz jurnalisti shu kunlarda O‘zbekistonda anomal issiq kuzatilayotgani, qator bog‘chalar yopilgani, hali yana yopilishi mumkinligi, bunday ob-havoda mashinalarda harakatlanayotganlar tabiiyki issiqdan saqlanish uchun «tonirovka»ga ehtiyoj sezishini aytib, IIV mulozimlariga o‘tgan yil ko‘tarilgan masala bo‘yicha savol bilan yuzlandi.

Vazirlikning Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ozodbek Jo‘raboyevning aytishicha, o‘zbekistonliklar qimmat narxga «tonirovka» qildirmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyuldagi 547-sonli «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, transport vositalaridan foydalanishga o‘zgartirishlar, qoraytirishga ruxsat berilgan. Bu hujjatga shu kunga qadar 4-marta o‘zgartirishlar kiritilgan.

Polkovnik Jo‘raboyev qaror endi qabul qilingan paytlarda qoraytirish masalasi bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravari miqdorida bo‘lganini aytib, kiritilgan o‘zgartirishlardan keyin «tonirovka» narxlari 11,25 baravar arzonlashtirilganini urg‘uladi.

«Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘sha paytda shu qoraytirish masalasi bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravari edi. Bundan keyin juda ham ko‘p takliflar kelib tushdi. Ularni o‘rgandik. Hozirgi kunda hisoblaydigan bo‘lsak, bu 90 baravari hozir 37 million so‘mdan ortiq bo‘ladi. Lekin o‘sha takliflarni inobatga olgan holda, bu qarorga shu narxlar masalasi bo‘yicha to‘rt marta o‘zgartirishlar kiritildi. Bundan tashqari, transport vositalarining orqa yon oynalari va orqa lobovoy oynalarini bepul qoraytirishga ruxsat berildi. Agar shu narxni ko‘radigan bo‘lsak, o‘sha birinchi qabul qilingan qarordan boshlab bugungi kunga qadar narxlar o‘zgartirish natijasida 11,25 baravar arzonlashtirildi. Ya’ni, 37 milliondan 3 million 296 ming so‘mgacha kamaytirildi», — deydi u.

IIV mansabdoriga ko‘ra, orqa yon oynalari va orqa lobovoy oynasining «tonirovka»si bepul qilinishiga aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar sabab bo‘lgan.

«Bizga kelib tushgan murojaatlarda biz kasal bo‘lib ketyapmiz, boshqa qilyapmiz, deyilgan edi. Shuning uchun orqa yon oynalari va orqa lobovoy oynasini 100 foiz qoraytirishga ruxsat berilgan va bu bepul qilingan. Endi agar kimdir kasal bo‘lsa, asosan orqa o‘rindiqlarda ketadi», — ta’kidlaydi mulozim.

Polkovnikning aytishicha, bugungi kunda bu masalalarni yana kamaytirish ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ijtimoiy tarmoqlarda yoz mavsumi uchun «tonirovka» ruxsatnomasi 412 ming so‘m etib belgilangani haqida tarqalayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgandi.

Teglar

Mavzuga oid