Aholi sezgan inflatsiya iyun oyida 10,2 foizni tashkil etdi
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iyun oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 10,2 foizni tashkil etgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida, eng pasti esa Xorazm viloyatida qayd etilgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank 2026-yil iyun oyi yakunlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflatsiya bo‘yicha so‘rov natijalarini e’lon qildi.
3 785 nafar respondent ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, iyun oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmay, 10,2 foizni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxt aholisi sezgan inflatsiya 12,3 foizga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (12,2 foiz), Farg‘ona viloyati (11,1 foiz), Samarqand viloyati (10,7 foiz), Surxondaryo va Toshkent viloyatlari (10,4 foizdan) joylashgan.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Xorazm viloyatida (8,5 foiz), Namangan viloyatida (9 foiz), Navoiy viloyatida (9,1 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (9,4 foiz) kuzatilgan.
Mahsulotlar kesimida
So‘rov ishtirokchilari may–iyun oylarida eng katta narx o‘sishini asosan go‘sht va sut mahsulotlarida sezganini bildirgan. Bu toifani respondentlarning 52 foizi qayd etgan. Shuningdek, benzin va yoqilg‘i narxlari o‘sishini 38 foiz, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshganini 31 foiz ishtirokchi ta’kidlagan.
Narxlar o‘sishi meva-sabzavotlar, shakar va qandolat mahsulotlari, guruch, dori vositalari, qurilish materiallari, jamoat ovqatlanishi, transport, o‘simlik yog‘i, kiyim-kechak, tibbiy xizmatlar va boshqa tovar hamda xizmatlar bo‘yicha ham qayd etilgan.
Tadqiqot natijalari daromad darajasi yuqori bo‘lgan aholi inflatsiyani ko‘proq sezayotganini ham ko‘rsatdi. Xususan, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega respondentlar orasida sezilgan inflatsiya 13,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oylik daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lganlar orasida bu ko‘rsatkich 8 foiz bo‘lgan.
Kasblar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich maishiy xizmat ko‘rsatish, tashish xizmati, qurilish, tibbiyot va davlat tashkilotlari xodimlari orasida qayd etilgan. Eng past sezilgan inflatsiya esa talabalar, turizm, bank-moliya va savdo sohasi vakillari orasida kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda rasmiy inflatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil etgan. Bu may oyiga nisbatan narxlar o‘sishi sur’ati qariyb uch baravar tezlashganini ko‘rsatadi. Yillik inflatsiya esa may oyidagi 5,5 foizdan iyun oyida 6,4 foizga ko‘tarilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil iyun oyida ushbu ko‘rsatkich 8,7 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, yilning ikkinchi choragida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 8,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,3 foizga qimmatlashgan. Xizmatlar sohasida oylik narxlar o‘sishi 1,8 foizni tashkil etgan.





