add

AQSH Sudanga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi

23.05.2025 | 13:3011714

AQSH Davlat departamenti Sudan hukumati o‘tgan yili mamlakatda davom etayotgan fuqarolik urushda kimyoviy qurollardan foydalanganini ma’lum qilib, 6 iyundan boshlab mamlakatga yangi iqtisodiy sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi.

AQSH Sudanga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi
Yangi choralar doirasida AQSHdan Sudanga eksport cheklanadi va mamlakatning moliyaviy zayom olish imkoniyatlari qisqartiriladi. Davlat departamenti rasmiysi Temmi Bryusning bayonotida ta’kidlanishicha, bu choralar kimyoviy qurollar tarqalishiga qarshi kurashda javobgarlikni ta’minlash maqsadida qo‘llanmoqda. AQSHning da’volariga ko‘ra, Sudan hukumati xlor gazidan ikki marta foydalangan. Bu modda nafas yo‘llarini qattiq shikastlashi mumkin va halokatli oqibatlarga olib keladi.
«Sudan hukumati kimyoviy qurollardan foydalanishni darhol to‘xtatishi va Kimyoviy qurollarni taqiqlash konvensiyasi (CWC) doirasidagi majburiyatlarini bajarishi shart», deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, deyarli barcha mamlakatlar kabi Sudan ham ushbu konvensiyani imzolagan. Faqatgina Misr, Shimoliy Koreya va Janubiy Sudan unga qo‘shilmagan. Isroil esa shartnomani imzolagan, ammo hali ratifikatsiya qilmagan. 2023 yilda AQSH Sudan va Rapid Support Forces (RSF) yetakchilariga qarshi avvalgi sanksiyalarni joriy etgan edi. Sudan armiyasi rahbari Abdel Fattoh al-Burhan demokratik o‘tish jarayonini izdan chiqarishda ayblangan bo‘lsa, RSF boshlig‘i Muhammad Hamdan Daglo (Hemedti) genotsid sodir etganlikda ayblangan. Qarshiliklar ikki yildan buyon davom etmoqda. Hozirgacha 150 mingdan ziyod inson halok bo‘lgan, 12 million kishi ko‘chirilgan va 25 million odam oziq-ovqat yordamiga muhtoj holga kelgan. So‘nggi haftalarda Sudanning Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan munosabatlari ham sovuqlashdi. Sudan hukumati BAAni RSF'ga qurol yetkazib berishda ayblagan. BAA esa buni rad etgan. AQSH Kongressidagi Demokratlar esa shu ayblovlar ortidan AQSHdan BAAga qurol sotishga to‘siq qo‘yish harakatini boshlagan. Sudan rasmiysi Reuters agentligiga AQSHning ushbu sanksiyalarni joriy etishi Kongressdagi BAAga qarshi kampaniyadan e’tiborni burish maqsadida qilinganini aytgan. Ayni paytda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oliy sudi Sudanning BAAni genotsidda ayblash bo‘yicha da’vosini inkor etdi.

Teglar

Mavzuga oid