
AQSH vizasi uchun 15 ming dollargacha garov puli joriy etilishi mumkin
Bu qadam viza muddatini buzish holatlari yuqori bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. O‘zbekiston aynan shunday davlatlar sirasiga kiradi.

AQSH Davlat departamenti sayyohlik va biznes vizalariga murojaat qiluvchi ayrim mamlakatlar fuqarolaridan katta miqdordagi garov puli undirish tartibini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilish arafasida. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, garov miqdori 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar bo‘lishi mumkin.
Yangi talab 20 avgustdan boshlab 12 oylik sinov dasturi doirasida amal qiladi. Garov puli viza shartlarini buzish holatlari ko‘p kuzatilgan va hujjatlar nazorati yetarli bo‘lmagan davlatlar fuqarolaridan undiriladi. Mablag‘, agar chet elliklar AQSHdan belgilangan muddatda chiqsa, qaytarib beriladi.
Davlat departamenti vakiliga ko‘ra, bu tartib muddati o‘tgan vizalar ulushi yuqori bo‘lgan, hujjat tekshiruvi sust bajariladigan va rezidentlik talabisiz investitsiyalar orqali fuqarolik olish mumkin bo‘lgan mamlakatlar uchun joriy etiladi. Dasturga kiruvchi davlatlar ro‘yxati tartib kuchga kirgandan so‘ng e’lon qilinadi.
Garov puli talabini joriy etish Donald Tramp ma’muriyatining viza nazoratini kuchaytirish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, joriy yil iyulida AQSH barcha noimmigratsion viza egalari uchun yangi 250 dollarlik «visa integrity fee» yig‘imini joriy etishini ma’lum qilgandi. Bu yig‘im sayyohlar, ishbilarmonlar va chet ellik talabalardan undiriladi.
Avvalroq Tramp Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyodagi 19 davlat, jumladan, Afg‘oniston va Turkmaniston fuqarolarining AQSHga  kirishini cheklash to‘g‘risida farmon imzolagani haqida ham xabar berilgan edi. Bu mamlakatlar AQSH uchun yuqori xavfli deb topilgan.





