«Goldman Sachs» 2027 yil uchun jahon iqtisodiyoti prognozini e’lon qildi
Dunyo iqtisodiyoti 2027 yilda 2,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, neft narxi pasayishi va sun’iy intellektga (SI) kiritiladigan yirik investitsiyalar bu o‘sishning asosiy omillaridan bo‘ladi. Xitoyning eksport faolligi mintaqada raqobatni kuchaytiradi.
© Foto: bloomberg.com«Goldman Sachs» investitsiya banki prognoziga ko‘ra, 2027 yilda global yalpi ichki mahsulotning (YAIM) o‘sish sur’ati 2,8 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2026 yilda kutilayotgan 2,7 foizlik o‘sishdan biroz yuqori. Hisobotda qayd etilishicha, jahon iqtisodiyoti tezlashishi ortida ikkita asosiy omil yotibdi: neft narxining pasayishi iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlasa, sun’iy intellekt rivojlanishi investitsiyalar oqimini kuchaytiradi.

Neft arzonlashadi, SI sohasiga esa trillionlar yo‘naltiriladi
Bank tahlilchilari Yaqin Sharqdagi ta’minotning barqarorlashuvi fonida «Brent» markali neft narxi 2027 yil oxirigacha bir barrel uchun 78 dollargacha tushishini prognoz qilmoqda. Energiya resurslarining arzonlashishi importyor davlatlarda iste’mol va ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi, biroq neft eksportyorlari uchun budjet daromadlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, global miqyosda suyultirilgan tabiiy gaz narxlarining ham me’yorlashuvi kutilmoqda.
Shu bilan birga, global miqyosda sun’iy intellekt sohasiga investitsiyalar hajmi 2026 yildagi 1,1 trillion dollardan 2027 yilda 1,8 trillion dollargacha o‘sishi prognoz qilinmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu jahon iqtisodiy o‘sishiga 0,4 foiz, AQSH iqtisodiyotiga esa 0,6 foiz hissa qo‘shishi mumkin.
Xitoy iqtisodiyoti va mintaqa uchun kutilayotgan natijalar
«Goldman Sachs» tahlillariga ko‘ra, 2027 yilda Xitoy iqtisodiyoti 4,5 foizga o‘sadi. Ichki iste’molning pastligi sharoitida ishlab chiqarishni ushlab turish va savdo balansini ta’minlashda eksport asosiy drayver bo‘lib qoladi.
Xitoy Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonning ham eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bu mintaqa uchun Xitoy tomonidan talabning saqlanib qolishini anglatsa-da, ayni paytda Xitoy mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi raqobati yanada kuchayishiga olib keladi.
Mintaqadagi neft eksport qiluvchi davlatlar, masalan, Qozog‘iston uchun mazkur prognoz qator iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Narxlarning pasayishi eksport tushumlariga bosim o‘tkazib, noxomashyo daromadlari va budjet xarajatlari intizomini oshirishni talab qiladi.
Xitoyning eksportdagi faolligi esa mahalliy sanoat, ayniqsa, qayta ishlash tarmoqlari oldiga mahsulot sifati va tannarxni optimallashtirish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘yadi. Uchinchidan, SI sohasidagi bum mintaqada elektr energiyasi hamda data-markazlarga bo‘lgan talabni oshirishi kutilmoqda.
Inflatsiya va markaziy banklarning siyosati
Prognozga ko‘ra, energiya narxlari pasayishi hisobiga 2027 yilda global inflatsiya sekinlashadi. Xususan, AQSHda asosiy inflatsiya (core PCE) 2026 yil oxiridagi 3,2 foizdan 2027 yil yakuniga borib 2,4 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.
Bank siyosatlariga kelsak, «Goldman Sachs» aksariyat yirik iqtisodiyotlarda foiz stavkalari siyosatining asta-sekin yumshatilishini kutmoqda. AQSH Federal zaxira tizimi inflatsiya bosimi sababli stavkalarni 2026 yil dekabr va 2027 yil martda yana oshirishi, biroq 2027 yilning dekabridan boshlab stavkalarni pasaytirish sikliga o‘tishi mumkin. Yevropa Markaziy banki va Angliya bankining ham 2027 yil yakuni yoki 2028 yil boshida yumshatish siyosatiga o‘tishi kutilmoqda.
Umuman olganda, «Goldman Sachs» prognozi dunyo iqtisodiyoti 2027 yilda barqaror, ammo sezilarli tarkibiy o‘zgarishlar fonida o‘sishini ko‘rsatmoqda. Neft narxi tushgan taqdirda ham, global iqtisodiyot sun’iy intellekt kabi yangi tarmoqlar hisobiga tezlashish imkoniyatiga ega.





