Oltin rekord narxiga qaytishi uchun yana ikki yil kerak — «Goldman Sachs»
Oltin narxi yanvardagi rekord ko‘rsatkichidan 31,5 foizga tushib ketdi. «Goldman Sachs» tahlilchilari yaqin oylarda narxlarga nisbatan bosim saqlanib qolishini, ammo 2028 yil oxiriga kelib, uning bir troy unsiyasi 5 600 dollarga yetishini prognoz qilmoqda.
Bloomberg | © BloombergJahon oltin bozorida keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yil boshida tarixiy rekord o‘rnatgan ushbu qimmatbaho metall keyingi oylarda sezilarli darajada arzonlashdi. «Goldman Sachs» tahlilchilarining fikricha, oltin narxi avvalgi yuqori cho‘qqisiga qaytishi uchun yana taxminan ikki yil kerak bo‘ladi.
«Bloomberg» agentligi xabariga ko‘ra, «Goldman Sachs» mutaxassisi Lina Tomas boshchiligidagi tahlilchilar guruhi oltinning bir troy unsiyasi 2027 yil oxiriga borib 4 650 dollarga, 2028 yil oxirida esa 5 600 dollarga yetishini taxmin qilmoqda.
Shu bilan birga, bank yaqin orada narxlar yana pasayishi va ularning keskin o‘zgarib turish xavfi yuqoriligicha qolishini ta’kidlagan.
Oltin narxi bir yil ichida 31,5 foizga tushib ketdi
2026 yil yanvar oyining oxirida oltin narxi tarixiy rekord o‘rnatib, uning bir troy unsiyasi 5 594,82 dollarga yetgan edi.
Biroq keyingi oylarda vaziyat butunlay o‘zgardi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, 16-noyabr kuni oltinning bir troy unsiyasi 3 830,74 dollargacha pasaygan. Bu 2025 yilning oktabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Shunday qilib, yanvardagi tarixiy cho‘qqidan so‘ng oltin narxi 31,5 foizga arzonladi. «Reuters» agentligining qayd etishicha, joriy yilgi natija oltin uchun 2015 yildan buyon eng yomon yillik ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin.
«Goldman Sachs» tahlilchilariga ko‘ra, yaqin kelajakda ham oltin narxiga bosim saqlanib qoladi. Shunday bo‘lsa-da, bank uzoq muddatli istiqbolda markaziy banklarning xaridlari hamda investitsiya fondlari talabining tiklanishi hisobiga narxlar yana o‘sishini taxmin qilmoqda.
Oltin nega arzonlashyapti?
Tahlilchilar narxlarning bu qadar tushib ketishini asosan AQSH dollarining mustahkamlanishi hamda FZT tomonidan foiz stavkalarining yana ko‘tarilishi ehtimoli bilan izohlamoqda.
Oltin xalqaro bozorda asosan AQSH dollarida baholanadi. AQSH valutasining boshqa valutalarga nisbatan qadri oshishi xorijiy xaridorlar uchun oltinni qimmatlashtiradi va tabiiyki, unga bo‘lgan talabni cheklaydi.
«Reuters» xabariga ko‘ra, 16-noyabr kuni dollar indeksi 2025 yilning aprelidan buyon qayd etilgan eng yuqori darajaga yaqinlashgan.
Investorlar aksiyalar bozoridagi yo‘qotishlarni qoplash uchun ham oltin sotmoqda
Oltin narxining tushishiga sabab bo‘layotgan yana bir omil — fond bozorlaridagi tebranishlar.
«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr boshidan 13-noyabrgacha bo‘lgan davrda «Nvidia» kompaniyasining bozor kapitallashuvi 1,9 trillion dollarga kamaygan.
«MKS PAMP» tahlilchisi Niki Shilsning qayd etishicha, bozordagi vaqtinchalik bosim paytida investorlar naqd pul olish maqsadida oltinni sotib yuborishi mumkin. Ya’ni, bunday vaziyatda oltin xavfdan saqlovchi vosita emas, balki boshqa aktivlardagi yo‘qotishlarni yopish uchun sotiladigan likvid aktiv vazifasini o‘taydi.
Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi keskinlik neft narxlari hamda inflatsiya xavfiga ta’sir o‘tkazmoqda. «Reuters» agentligining yozishicha, bu jarayon FZTning qat’iy siyosatini saqlab qolish ehtimolini yanada oshiradi.
Markaziy banklar oltin xarid qilishni davom ettirmoqda
Narxlar pasayayotganiga qaramay, markaziy banklar o‘z xalqaro zaxiralarini oltin bilan to‘ldirishda davom etmoqda. «Goldman Sachs» o‘zining uzoq muddatli prognozini aynan shu omilga bog‘lagan.
«Jahon oltin kengashi»ning 3-noyabrdagi hisobotida aytilishicha, 2026 yilning uchinchi choragida markaziy banklar va boshqa rasmiy muassasalar jami 321 tonna oltin xarid qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foizga ko‘p va 2024 yilning to‘rtinchi choragidan buyon eng yuqori choraklik ko‘rsatkichdir.
Yil boshidan to sentabr oxirigacha markaziy banklarning sof xarid hajmi 675 tonnaga yetgan.
«Goldman Sachs» tahlilchilari 2026 va 2027 yillarda markaziy banklar tomonidan oyiga o‘rtacha 60 tonna oltin sotib olinishini taxmin qilmoqda. Taqqoslash uchun, 2022 yilgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich oyiga o‘rtacha 17 tonnani tashkil qilgan edi. Bankning mavsumiy o‘zgarishlar hisobga olingan so‘nggi baholashiga ko‘ra esa, hozirda xaridlar hajmi oyiga 85 tonna atrofida.
«Jahon oltin kengashi» ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida Polsha va Xitoy eng yirik xaridorlar bo‘lgan. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Iordaniya, Chexiya va Boliviya ham shu oyda o‘z oltin zaxiralarini ko‘paytirgan.
«Goldman Sachs» o‘z prognozini qayta ko‘rib chiqdi
«Goldman Sachs»ning oltin bo‘yicha prognozlari noyabr oyining o‘zida bir necha bor o‘zgardi. «Kitco» xabariga ko‘ra, bank 2026 yil yakuni uchun narx prognozini 4 650 dollardan 4 150 dollarga, 2027 yil uchun esa 5 400 dollardan 4 800 dollarga tushirgan edi.
Biroq, 17-noyabr kuni «Bloomberg» agentligi tarqatgan yangi xabarda «Goldman Sachs»ning navbatdagi tahlili keltirilgan. Unga ko‘ra, 2027 yil oxiriga borib oltin narxi 4 650 dollarni, 2028 yil oxirida esa 5 600 dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Shu tariqa, bankning 2027 yilga mo‘ljallangan so‘nggi prognozi avvalgi kutilmadan (4 800 dollar) biroz pastroq bo‘ldi. 2028 yil uchun berilgan 5 600 dollarlik ko‘rsatkich esa yanvar oyidagi tarixiy rekordga juda yaqin.





