add

Bin Ladenning izi qolgan fojia yoxud Isroil 9/11 voqeasini oldindan bilganmi?

11.09.2025 | 22:2044806

Taker Karlson teraktlar haqida hujjatli film tayyorlayotganini ma’lum qildi. Filmning treylerida shunday deyilgan: «11 sentyabr voqealari haqidagi barcha rasmiy ma’lumotlar butunlay yolg‘on… Amerikaliklar aslida nima sodir bo‘lganini bilish vaqti keldi».

Bin Ladenning izi qolgan fojia yoxud Isroil 9/11 voqeasini oldindan bilganmi?

AQSHning yuragi Nyu York shahridagi Jahon savdo markazining «Egizak minoralar» deb nomlanuvchi 110 qavatli binolari «Al-Qoida» terrorchilik guruhi tomonidan qulatilganiga bugun 24 yil to‘ldi. O‘shanda bir guruh shaxslar yirik megapolislar – Boston, Nyu York va Vashingtondan havoga ko‘tarilgan 4 ta yo‘lovchi samolyot boshqaruvini qo‘lga olgan va oqibatda samolyotlar Nyu York shahrida joylashgan egizak binolarga va Virjiniya shtatida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining bosh qarorgohi — Pentagonga borib urilgan. Oqibatda uch mingga yaqin odam vafot etgan. Ushbu hurujni amalga oshirish rejasi besh yil davomida «Al-Qoida» terrorchilik guruhining Afg‘onistonda joylashgan bazasida ishlab chiqilgan, deb yozadi BBC. G‘oya muallifi pokistonlik Xolid Shayx Muhammad bo‘lgan. U safdoshlariga samolyotni boshqarish ko‘nikmalarini o‘rgatish fikrini o‘ylab topgan. Bundan maqsad ular samolyotni qo‘lga kiritib, uni boshqariladigan raketa sifatida ishlatishlari edi. O‘z o‘rnida, ushbu g‘oyani «Al-Qoida» yetakchisi Usoma bin Laden qo‘llab-quvvatlagan. 2001 yil 11 sentyabr voqealarining asosiy voqelarini daqiqama-daqiqa eslab o‘tamiz: 07:58: United Airlines aviakompaniyasining Bostondan Los Anjelesga yo‘l olgan Boeing-767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan bir guruh shaxslar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 56 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Los-Anjelesga uchayotgan samolyot yo‘nalishni Nyu Yorkka o‘zgartirdi. 07:59: American Airlines aviakompaniyasiga qarashli, Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan Boeing-767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan terrorchilar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 81 yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bor edi. Bu samolyot ham o‘z yo‘nalishini majburiy o‘zgartirib Nyu Yorkka qarab yo‘l oldi. 08:01: Boeing-767 samolyoti 38 nafar yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bilan Nyu Jersidan San Fransiskoga yo‘l olgan. 08:10: Vashington xalqaro aeroportidan 77-raqam bilan Los Anjeles tomon uchayotgan, bortida 58 yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing-767 garovga olindi. 08:46: Boston – Los Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo majburiy tarzda Nyu York tomon yo‘l olgan Boeing-767 samolyoti Nyu Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak binosidan biri, shimol tarafdagi osmono‘par binoga urildi. 09:03: Boston – Los-Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo terrorchilar tomonidan Nyu York tomon yo‘naltirilgan Boeing-767 samolyoti Jahon savdo markazi egizak binosining janub tomondagi ikkinchisiga kelib urildi. AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati Nyu York aeroporti faoliyatini to‘xtatdi. 09:45: Vashingtondan Los Anjeles tomon uchayotgan Boeing-767 samolyoti AQSH Mudofaa vazirligi binosi — Pentagonga kelib urildi. 10:05: Jahon savdo markazi egizak binosining janubiysi qulab tushdi. 10:05: Vashingtonda Oq Uy va boshqa hukumat binolarida faoliyat yurituvchi barcha xodimlar evakuatsiya qilindi 10:10: AQSH Mudofa vazirligi ma’muriyati — Pentagonga samolyot urilishi oqibatida himoya qo‘rg‘onining bir qismi quladi. 10:10: Nyu-Jersidan San-Fransiskoga parvoz qilayotgan va yo‘lda garovga olingan samolyot yo‘lovchilarning terrorchilarga qattiq qarshiligidan so‘ng Pitsburg shahri yaqinida halokatga uchradi. 10:28: Jahon savdo markazining egizak binolaridan ikkinchisi, shimoliy tarafdagi osmono‘par bino ham qulab tushdi. Ushbu hurujni Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan «Al-Qoida» harakati yetakchisi Usoma bin Laden o‘z bo‘yniga olgan va videomurojaatida 19 nafar shaxsning nomini tilga olib o‘tgan. AQSH hukumati esa «Tolibon»dan Usoma bin Ladenni AQSHga topshirishini so‘ragan. Ular rozi bo‘lmagan.   «Al-Qoida» terrorchilik guruhi yetakchisi Usoma bin Laden bayonoti «...Amerika shimoldan janubgacha, sharqdan g‘arbgacha vahima ichida qoldi. Allohga shukrki, Amerika biz boshdan kechirgan azoblarni endi o‘zi boshdan kechirmoqda. Millatimiz 80 yil davomida qo‘rquv va adolatsizlik azobini tortdi. Biroq bir to‘da musulmonlarni Amerikani halok etishga muvaffaq qildi. Ular bu amallari uchun jannatda abadiy qolajak.... Biz kurashmoqdamiz. Biz Falastin va boshqa musulmon mamlakatlarida azob chekkan va hozir ham aziyat tortayotgan insonlar uchun ham kurashyapmiz. Iroqda begunoh odamlar qatl etilmoqda. Har kuni Ramallah, Rafah, Bayt Jallada Isroil tanklarini ko‘ramiz, ammo hech kim bu haqda lom-mim demaydi, bu odamlarni qo‘llab-quvvatlovchi biror so‘z eshitmaymiz. Birorta hukumat ham bu haqda gapirmaydi. Biroq, Amerikaga falokat kelganda, butun dunyo baqirib yubordi. Yaponiyada [Hiroshimaga atom bombasi tashlangani nazarda tutilmoqda] yuz minglab odamlar halok bo‘lgan, ammo AQSH buni jinoyat deb hisoblamagan. Iroqda bolalar nobud bo‘lmoqda, lekin ular buni ham terakt deb atamayaptilar. Amerikaga kelsak, men Amerika xalqiga bir necha so‘z aytmoqchiman: Alloh nomi bilan qasam ichamanki, Falastin yerida tinchlik o‘rnatilmaguncha, amerikaliklar hech qachon o‘zlarini xavfsizlikda his qilmaydilar».   Amerikaning «qasosi» AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti kichik Jorj Bush 11 sentyabr xurujlaridan keyingi nutqida terrorizmga qarshi global urush e’lon qilganini aytib, bu urushni Salib yurishlariga o‘xshatdi. Kichik Jorj Bush «Terrorga qarshi urush» nomi ostida butun dunyoga o‘z doktrinasini o‘tkazishga urindi. AQSH va «terrorchi» sifatida ko‘rsatilgan musulmonlar o‘rtasida jahon miqyosida urush boshlandi. AQSH 2001 yilda Afg‘onistonni, 2003 yilda Iroqni ishg‘ol qildi. 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH Hukumati bin Laden haqida berilgan aniq ma’lumotga ikki million dollar mukofot joriy etdi. Lekin, 10 yil davomida «Al-Qoida» terrorchilik guruhi yetakchisini qo‘lga olish va yo‘q qilishga qaratilgan harakatlar bekor ketdi. 2011 yil 2 may kuni Pokiston Islom Respublikasining Abbottobod shahrida o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida Usoma bin Laden o‘ldirildi. Ayrim siyosatchilarning fikricha, 11 sentyabr voqealari sabab dunyodagi siyosiy vaziyatlar tubdan o‘zgarib ketdi. Avvalo AQSH dunyodan terrorchilikni yo‘qotish da’vosi bilan chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay Amerika NATOdagi ittifoqchilari bilan Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. 2003 yilda Iroq hukumati tomonidan kimyoviy va biologik qurollar ishlab chiqilgani iddao qilinib, Iroq rahbari Saddam Husayn hokimiyatini ag‘darish maqsadida urush e’lon qilindi va Saddam Husayn hokimyati ag‘darildi. Keyinroq uning o‘zi qatl qilindi.   Taker Karlson: «Isroil 2001 yil 11 sentyabr hujumlarini oldindan bilgan» Amerikalik jurnalist Taker Karlson Pirs Morganning «Uncensored News» ko‘rsatuvida aytishicha, Isroil razvedkasi 11 sentyabr hujumlaridan oldindan xabardor bo‘lgan. Unga ko‘ra, Isroil rahbariyati hujumga bo‘lgan munosabatini hech qachon yashirmagan va bu AQSH-Isroil munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatganiga ishongan. «Albatta, men buni yahudiylar qildi, demadim. Bunday gapning ma’nosini o‘zim ham tushunmayman. Aslida, bunday gaplarni aytish haqiqiy savollarni obro‘sizlantirish usuli, deb o‘ylayman», — degan Karlson suhbat davomida. Uning aytishicha, Binyamin Netanyahu kamera oldida, hujumlardan so‘ng darhol shunday degan: «Bu yaxshi holat, chunki u AQSHni biz o‘n yillar davomida hayot-mamot masalasi sifatida ishtirok etib kelgan mojaroga jalb qiladi». Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan oldin AQSHda o‘zini talaba sifatida ko‘rsatishga uringan, biroq maxfiy xizmatlarga aloqador bo‘lgan bir guruh isroilliklar bo‘lgan. Ular Amerika huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan, biroq keyinroq ayblovsiz qo‘yib yuborilgan. «Biz bilamizki, ularning bir qismi, men buni internetdan emas, FTB hujjatidan keltirmoqdaman, 11 sentyabr hujumlarini videoga olgan va... ular bu hujumlar haqida oldindan xabardor bo‘lganga o‘xshaydi», — dedi Karlson. Uning aytishicha, isroillik talabalarning dastlabki kuzatuvlari 2000 yilning oxirlariga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular AQSH federal huquq-tartibot va harbiy idoralari binolarida paydo bo‘lib, san’at asarlarini sotishga uringan va xodimlar bilan muloqot o‘rnatishga harakat qila boshlagan. Bu «talabalar» bir necha bor belgilanmagan joylarda va yashirin kirish eshiklari oldida ko‘ringan, hatto ba’zi xodimlarning uylariga ham borgan. O‘sha davrdagi ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, 2001 yil boshidan 11 sentyabr voqealarigacha shunday faoliyat bilan shug‘ullangan kamida 140 nafar Isroil fuqarosi qamoqqa olingan, yana 60 nafari esa hujumlardan so‘ng qisqa vaqt ichida hibsga olingan. Bundan tashqari, «talabalar»ning ayrim guruhlari 11 sentyabr hujumlarini amalga oshirganlarning yashash joylariga yaqin hududlardagi ko‘chmas mulklarni ijaraga olgani haqida ma’lumotlar mavjud. Taker Karlson teraktlar haqida hujjatli film tayyorlayotganini ma’lum qildi va unda bu voqea to‘g‘risidagi butun haqiqatni ochib berishga so‘z berdi. Filmning treylerida shunday deyilgan: «11 sentyabr voqealari haqidagi barcha rasmiy ma’lumotlar butunlay yolg‘on... Amerikaliklar aslida nima sodir bo‘lganini bilish vaqti keldi».  

Mavzuga oid