Logo

«BlackRock» O‘zbekiston va Qozog‘istonni yangi investitsiya yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda — «Bloomberg»

Bugun 22:002 daqiqa

«BlackRock» mutaxassisi Qozog‘iston va O‘zbekistonni Fors ko‘rfazi hamda Hindiston qatorida sarmoya kiritish uchun jozibador bozorlar sifatida e’tirof etdi.

«BlackRock» O‘zbekiston va Qozog‘istonni yangi investitsiya yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda — «Bloomberg» © Фото: president.uz

Dunyoning eng yirik aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan «BlackRock» Markaziy Osiyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti — Qozog‘iston va O‘zbekistonga investorlarning qiziqishi ortib borayotganini qayd etioqda.

«BlackRock Investment Institute» bosh investitsiya strategi Ben Pauell «Bloomberg» agentligiga bergan intervyusida bu ikki davlatni Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Hindiston bilan bir qatorda sarmoya uchun qulay yo‘nalishlar sifatida tilga oldi.

Qozog‘istondagi islohotlar sarmoyadorlar e’tiboriga tushgan

Pauell Qozog‘istondagi pensiya tizimi va kapital bozorida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uning fikricha, mamlakatning sarmoyalar uchun yanada ochiq va qulay bo‘lib borayotgani investorlar qiziqishini yanada oshirishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida Qozog‘iston iqtisodiyoti 4,1 foizga o‘sgan bo‘lsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti yilning birinchi yarmida 8,5 foizlik o‘sishni qayd etgan.

Mutaxassislarning fikricha, bu ikki davlatga bo‘lgan e’tiborning ortishiga barqaror iqtisodiy o‘sish, tizimli islohotlar va muhim minerallarga bo‘lgan talabning kuchayishi sabab bo‘lmoqda.

«BlackRock» O‘zbekistondan yangi imkoniyatlar kutmoqda

«BlackRock» va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ham tobora kengaymoqda. Joriy yilning 7-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kompaniyaning direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi.

Uchrashuvda xususiylashtirish jarayonlari, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish, shuningdek, neft-kimyo loyihalari va sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘shma sarmoyalar kiritish masalalari muhokama qilindi.

Qolaversa, «BlackRock» O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining IPO jarayonida ham ishtirok etdi.

Pauellning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida O‘zbekistonda yangi investitsiyaviy imkoniyatlar yaratilishi ehtimoli yuqori va «BlackRock» bu imkoniyatlarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid