
«Chernobilchilar» daromad solig‘idan ozod etilgan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shildi
28.05.2025 | 20:3020373
O‘zbekiston Senati Soliq kodeksiga elektron hujjatlashtirish, raqamli identifikatsiya va ijtimoiy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan muhim o‘zgartishlarni tasdiqladi. Bu islohotlar soliq ma’muriyatida shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

27 may kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinib, ma’qullandi. Qonun davlat xizmatlarini raqamlashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari bilan masofaviy aloqalarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, elektron hujjatlarda elektron imzo va boshqa raqamli tasdiq vositalarini qonuniy ravishda tan olish ta’minlanadi. Bu orqali shaxsning roziligi va munosabatda ishtirokini aniq identifikatsiya qilish mumkin bo‘ladi.
Soliq to‘lovchilar manfaati uchun yana bir muhim o‘zgarish — ortiqcha to‘langan soliq summalarini kelgusi to‘lovlarga hisobga olish muddati 15 kundan 3 ish kuniga qisqartiriladi. Bu fiskal organlar bilan tezkor va qulay hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun ijtimoiy yo‘nalishni ham qamrab oladi. Xususan, Chernobil AESda falokat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolar hamda ularning turmush o‘rtoqlari daromad solig‘idan ozod etiladi.
Senatorlar ushbu o‘zgarishlarni davlat xizmatlarini raqamlashtirish, soliq ma’muriyatini soddalashtirish va fuqarolar uchun yengillik yaratishdagi muhim qadam sifatida baholadi. Qonunni qabul qilish orqali elektron hukumat tizimidagi imkoniyatlar kengaytiriladi, ayrim aholi qatlamlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar yaratiladi.
Qonun loyihasi Senat a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.





