Logo

Energetika vazirligi rahbariyatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Bugun 11:532 daqiqa

Vazirning birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov lavozimidan ozod qilindi, uning o‘rnini Abdumalik Nazirov egalladi.

Energetika vazirligi rahbariyatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi © Energetika vazirligi

Prezident qarori bilan Umid Mamadaminov Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Abdumalik Nazirov tayinlandi.

Umid Mamadaminov 2026-yil 24-iyundan buyon energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha u 2023-yil avgustidan energetika vazirining o‘rinbosari, undan avvalroq esa 2023-yil fevralidan qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Mamadaminov 1983-yil 24-yanvarda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriat bosqichini, 2015-yilda AQSHning Oregon texnologiya institutini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida «Global Trading and Consulting Service» MCHJ, AQSHning «STANTEC» kompaniyasi, «TCT Agro Cluster» va «Evergreen Agriculture» qo‘shma korxonasida turli lavozimlarda ishlagan.

Energetika vazirining yangi birinchi o‘rinbosari Abdumalik Nazirov 2025-yil 28-noyabrdan buyon «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Bungacha u mazkur tashkilot boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Nazirov 1984-yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tug‘ilgan va 2002-yildan buyon energetika sohasida ishlab keladi. U Toshkent viloyati elektr tarmoqlarida nazoratchi, elektromontyor va muhandis, keyinchalik energiya sotish xizmati guruhi rahbari hamda moliya, iqtisodiyot va elektr energiyasini sotish direktori lavozimlarida mehnat qilgan. Shuningdek, «O‘zenergonazorat» inspeksiyasi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»da turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, prezident qarori bilan Otabek Amanov energetika vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Atom energiyasi agentligining AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Teglar

Mavzuga oid