Logo

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHga yangi shartlar qo‘ydi

Bugun 09:192 daqiqa

Eron hukumati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar harakati uchun qayta ochish bo‘yicha AQSHga yangi talablar ro‘yxatini taqdim etdi. Ular orasida urush uchun tovon puli to‘lash va sanksiyalarni bekor qilish talablari bor. Shu bilan birga, Tehron Ho‘rmuz bo‘yicha Ummon bilan ham muzokaralar olib bormoqda.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHga yangi shartlar qo‘ydi © Reuters

Eron hukumati AQSHga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha yangi shartlarni ilgari surdi. Tehron Vashingtondan iyun oyida tuzilgan «o‘zaro anglashuv memorandumi» AQSH harbiylari tomonidan buzilgani uchun sanksiyalarni bekor qilish va tovon puli to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqda 8-avgust Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi ma’lum qildi.

Eronning davlat axborot agentligi «Tasnim» xabar berishicha, Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari Muhammad Boqir Zulqadr Oq uydan Eronga kelajakda AQSH tomonidan hech qachon tahdid qilinmasligi bo‘yicha kafolat berishni, AQSH qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqishni, Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilishni, sanksiyalarni olib tashlashni, Eron aktivlarini muzlatishdan chiqarishni hamda mamlakatga berilgan harbiy zarbalar uchun tovon puli to‘lashni talab qilgan.

AQSH Eron talablariga rozi bo‘lishi ehtimoli past

Hozircha Vashington Eron hukumati bayonotiga hech qanday munosabat bildirmadi. «The New York Times» gazetasi yozishicha, Tehron bunga o‘xshash talablarni avval ham AQSH bilan yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv shartlari sifatida ilgari surgan. Endi Eron ushbu talablarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini qayta tiklash bo‘yicha kelishuvning shartiga aylantirmoqchi. Nashrning ta’kidlashicha, Donald Tramp ma’muriyatining bunday shartlarga rozi bo‘lishi ehtimoli past.

«O‘zaro anglashuv memorandumi»ga ko‘ra, AQSHning Eronga qarshi sanksiyalari faqat yadroviy dastur bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvga erishilgan taqdirdagina bekor qilinishi mumkin. Oq uy avvalroq Eron o‘zining yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechgan taqdirdagina Eron aktivlarini muzlatishdan chiqarish mumkinligini bildirgan edi.

Iyul oyi oxirida AQSH Eronni bombardimon qilishni to‘xtatdi. Tramp bu qarorni Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda olg‘a siljish bo‘lgani bilan izohladi. «Reuters» manbalariga ko‘ra, bunday qaror qabul qilinishiga AQSH harbiylari Eron bilan urush davomida uzoq masofaga uchuvchi raketalar zaxirasining deyarli barchasini ishlatib bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Ummon Eron bilan muzokaralarda yon berishga tayyor

Eron va Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini qanday tartibda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida alohida muzokaralar olib bormoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining aytishicha, muzokaralar «yakuniy bosqichga» yaqinlashgan. Biroq u buni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada tez orada bekor qilinishining belgisi deb hisoblamaslik kerakligini ta’kidladi.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Ummon bilan kelishuv shartlariga asosan, Eron Fors ko‘rfaziga dengiz yo‘li orqali kirib kelayotgan kemalar ustidan nazoratni olishi, Ummon esa ko‘rfazdan chiqib ketayotgan kemalar ustidan nazorat qilishi mumkin.

Eronning «Fars» agentligi avvalroq xabar berganidek, tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati Eron qirg‘og‘i yaqinidagi shimoliy koridor orqali amalga oshirilishi, bo‘g‘ozdan chiqish esa Ummon qirg‘og‘i yaqinidagi janubiy yo‘lak orqali bo‘lishiga kelishgan. Shuningdek, davlatlar bo‘g‘oz orqali o‘tish uchun yig‘im undirishni ham rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid