Yevropa avtomobil bozorida 10 yil ichida eng ko‘p sotiladigan brendlar qanday o‘zgardi?
Avtomobil bozori doim o‘zgarib turadi. Ayrim brendlar asta-sekin yetakchilikni yo‘qotadi, ularning o‘rnini esa boshqa ishlab chiqaruvchilar egallaydi. Ushbu materialda 2015-yilda Yevropa mamlakatlarida qaysi avtomobil brendlari eng ko‘p sotilgani va 10 yil ichida xaridorlarning tanlovi qanday o‘zgargani ko‘rsatilgan.
© Foto: shutterstock2015-yilda Yevropa avtomobil bozorida Germaniyaning Volkswagen brendi yetakchilik qilgan. U 31 ta mamlakatning 14 tasida eng ko‘p sotilgan avtomobil brendi bo‘lgan. Yana 13 ta mamlakatda Volkswagen birinchi uchta o‘rindan birini egallagan. Faqat Estoniya, Fransiya, Bolgariya va Vengriyada bu brend kuchli uchlikka kira olmagan.

2025-yilga kelib, Volkswagen yetakchilik mavqeining bir qismini yo‘qotdi. Endilikda u yetti mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. Yana 14 ta mamlakatda esa eng ko‘p sotilgan brendlar orasida ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallagan.
Volkswagen o‘z mavqeini yaxshilagan yagona mamlakat — Buyuk Britaniya. Bu yerda brend uchinchi o‘rindan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Biroq uning bozordagi ulushi unchalik katta oshmagan: 2015 yildagi 8 foizdan 2025-yilda 9 foizga yetgan.

2025-yilda Yevropada Yaponiyaning Toyota brendi ham o‘z mavqeini mustahkamladi. 2015-yilda Toyota uchta mamlakat — Gretsiya, Estoniya va Islandiyada eng ko‘p sotilgan avtomobil brendi bo‘lgan. Yana to‘qqizta mamlakatda esa ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallagan.
2025-yilga kelib, Toyota sakkizta mamlakatda birinchi o‘ringa chiqdi. Yana to‘qqizta mamlakatda ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egalladi.
Masalan, Ispaniyada Toyota 2015-yilda hatto eng kuchli uchta brend qatoriga ham kirmagan. 2025-yilda esa 8 foiz bozor ulushi bilan birinchi o‘rinni egalladi. Avvalgi uchlikdan Ispaniyaning SEAT brendi chiqib ketdi. U 2015-yilda ikkinchi o‘rinda edi.
Chexiyaning Škoda brendi ham o‘z mavqeini biroz mustahkamladi. U Polshada birinchi o‘rinni Toyota'ga boy bergan bo‘lsa-da, Chexiya va Slovakiyadagi yetakchiligini saqlab qoldi. Bundan tashqari, Xorvatiya va Bolgariyada ham eng ko‘p sotilgan avtomobil brendiga aylandi.
Norvegiyada esa eng ommabop avtomobil brendi Tesla bo‘ldi. 2025-yilda uning mamlakat avtomobil bozoridagi ulushi 19 foizni tashkil etdi. Islandiyada Tesla ikkinchi o‘rinni egallab, Kia brendini ortda qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «UzAuto Motors»ni sotib olishga qiziqayotgan uch davlat nomi ochiqlangandadi.





