Logo

Turdimovning vazir sifatidagi ilk intervyusi, kamayib borayotgan nikohlar va Qashqadaryoni kambag‘allikdan xalos qilish rejasi — 22-oktabr dayjesti

Kecha 23:454 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Turdimovning vazir sifatidagi ilk intervyusi, kamayib borayotgan nikohlar va Qashqadaryoni kambag‘allikdan xalos qilish rejasi — 22-oktabr dayjesti

O‘zbekistonda nikohlar soni to‘rt yildan beri kamaymoqda

O‘zbekistonda nikohlarni qayd etish ko‘rsatkichi qatorasiga to‘rtinchi yil pasayishda davom etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqam 267,1 mingtagacha tushgan. Umumiy hisobda 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda nikohlar soni 38,1 mingtaga yoki 12,5 foizga qisqargan. Joriy 2026 yilning yanvar–iyun oylarida esa respublika bo‘yicha 92,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan.

Ushbu pasayish tendensiyasi aholi sonining o‘sishi fonida yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, 1991 yilda mamlakat aholisi qariyb 21 million kishi bo‘lgan vaqtda 270,3 mingta nikoh qayd etilgan edi. 2025 yilga kelib aholi soni 38 milliondan oshganiga qaramay, tuzilgan nikohlar soni 1991 yilgi ko‘rsatkichdan ham kamroqni tashkil etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, oila qurish ko‘rsatkichlarining bunday muttasil qisqarish jarayoni aynan 2022 yildan boshlangan.

Qashqadaryo yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini 2026 yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar borligini ta’kidlab, tuman hokimlari va banklar tegishli sharoit yaratsa, viloyat bir-ikki yilda eng ilg‘or hududlar qatoriga chiqishini ma’lum qildi. Bu maqsadga erishish uchun sanoat, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, viloyatga tayinlangan loyiha menejeri va mas’ullarga 50 ming ish o‘rni yaratish hamda 20 milliard dollarlik investitsiyalarni qamrab oluvchi uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali qo‘shimcha 200 ming kishini daromadli qilish, yangi suv havzalari qurish, 265 km kanalni betonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash kabi vazifalar belgilandi. Yig‘ilishda Qamashi tumanidagi Chim mahallasi namuna sifatida keltirilib, bu yerda kambag‘al oila va ishsiz aholi qolmagani qayd etildi va kelgusi yil Mustaqillik bayramigacha har bir tumanda shu tajriba asosida ikkitadan zamonaviy mahalla markazi tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

O‘g‘irlab ketilgani aytilgan «Anorbank» aksiyadori yuridik kompaniya orqali bayonot berdi

«Anorbank» aksiyadori Qahramonjon Olimov o‘zining yuridik vakili orqali bayonot berib, so‘nggi 18 oy ichida oilasi bilan turli noqonuniy hujumlarga duch kelganini ma’lum qildi. U 2025 yil iyun oyida Parijda o‘g‘irlab ketilib, qiynoqqa solingani va tovon puli to‘lashga majbur qilinganini, hozirda bu jinoyat bo‘yicha besh kishi qamoqqa olinganini ta’kidlagan.

Shuningdek, u o‘ziga nisbatan Interpol orqali qo‘yilgan (va keyinchalik bekor qilingan) odam o‘g‘irlash ayblovlarini qat’iyan rad etib, bunday ig‘volar O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti va obro‘siga putur yetkazayotganini bildirdi hamda bank kuzatuv kengashidan chiqish uchun ariza berdi.

«Aravani torta olmaganlar safdan tushib qoladi» — ta’lim vaziri kadrlar va yangi o‘zgarishlarga munosabat bildirdi

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov sohada yangi qonunlar yaratishdan ko‘ra, mavjud tartib va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish muhimligini ta’kidladi. Kadrlar siyosati haqida gapirar ekan, u muammolarni faqat xodimlarni almashtirish bilan hal qilib bo‘lmasligini, lekin har bir mutaxassisning ish natijasiga qarab baho berilishini va o‘z vazifasini uddalay olmagan — «aravani torta olmagan» kadrlar tizimda qolmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, vazir ta’lim sifatini oshirish faqat o‘qituvchi yoki vazirlikning emas, balki butun jamiyatning vazifasi ekanini qayd etdi. U ota-onalarni ta’lim jarayonida mas’uliyatli bo‘lishga, farzandlari bilan har kuni vaqt ajratib birga dars qilishga hamda pedagoglarning jamiyatdagi obro‘sini oshirishga hissa qo‘shishga chaqirdi. Shu bilan birga, vazirlik ta’limning barcha bosqichlarida o‘z vazifalarini aniq belgilab, jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashini bildirdi.

Toshkentdagi bozor va savdo komplekslari xatlovdan o‘tkaziladi

Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida poytaxtdagi bozor va savdo komplekslarining moliyaviy holati o‘rganilib, mol-mulki xatlovdan o‘tkaziladi. Ushbu jarayon davomida binolarning kadastr hujjatlari, mulkdorlar ro‘yxati, hududlardagi noqonuniy qurilishlar, chegara va muhofaza zonalari hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan mavjud qarzdorliklar tahlil qilinadi.

O‘rganishlar natijasida bozor va savdo majmualaridagi muammolarni bartaraf etish, aktivlardan samarali foydalanish va tegishli qarorlarga asosan ularni ommaviy savdolarga chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Mazkur tadbirlar Kadastr agentligining shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi hamda «Toshkent Invest kompaniyasi» hamkorligida amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid