Logo

Banklarga kreditlashdagi ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasi qo‘yildi

Bugun 16:223 daqiqa

Andijonda kreditni faqat garovga bog‘lamasdan, pul oqimi va aniq buyurtmaga qarab ajratish uchun 20 ta yangi moliyaviy mahsulot yaratish topshirilgan edi. Mazkur yondashuv Qashqadaryoda ham natija berishi kerakligi aytildi.

Banklarga kreditlashdagi ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasi qo‘yildi © Vaqt.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni Qashqadaryoda viloyat mas’ullari bilan uchrashuvda banklar aholi va tadbirkorlar loyihalariga resurs yetkazishda amaliy natija ko‘rsatishi zarurligini aytdi.

Andijonda kreditni faqat garovga bog‘lamasdan, pul oqimi va aniq buyurtmaga qarab ajratish uchun 20 ta yangi moliyaviy mahsulot yaratish topshirilgan edi. Mazkur yondashuv Qashqadaryoda ham natija berishi kerak.

Banklar faoliyati yangi mahsulotlar soni bilan emas, ular yordamida resurs olgan korxonalar va biznesning o‘sishi bilan baholanadi. Kreditlashdagi ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasi qo‘yildi. Hozir kredit olish uchun 102 turdagi hujjat so‘ralmoqda. Shularning 53 tasi axborot tizimlarida mavjud, yana 22 tasining kreditga aloqasi yo‘qligi aytildi.

Bu o‘zgarishlar mahallalardagi tashabbuslarni moliyalashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni tezlashtirishi kerakligi qayd etildi.

Turizm

Prezident matbuot kotibining yozishicha, Qashqadaryoga yiliga 6 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyat bor. Yil boshidan viloyatga 2,5 million sayyoh kelgan, birgina G‘elon qishlog‘iga tashrif buyurganlar soni 500 mingga yetgan.

Tatariston bilan hamkorlikda G‘elondagi tog‘-chang‘i kurortining birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Tabiatining G‘elonga o‘xshash Chiroqchidagi Tarog‘ay, Kitobdagi Bashir va Yakkabog‘dagi Tatar qishloqlarini ham etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida tog‘ daryolari negizida rafting va sport turizmini rivojlantirish mumkin.

Mutasaddilarga ushbu olti qishloq bo‘yicha bir oyda master-reja tayyorlab, 2027-yil 1-martdan 50 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Shuningdek, har bahor G‘uzorda «Lola va kabob», Ko‘kdalada «Chiyal yaxna» gastronomik festivallarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Qarshi shahridagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi tajribasiga to‘xtaldi. Uning 32 nafar ustasi yaqinda Germaniyada malaka oshirib qaytgani va hozir viloyatdagi 57 ta texnikum ustalariga o‘z bilimlarini yetkazayotgani aytildi.

Qayd etilishicha, har yili 10-11-sinflarning 2,5 ming o‘quvchisi mazkur texnikumda hunar o‘rganib, attestat bilan birga kasbiy sertifikat ham oladi. Germaniyalik o‘qituvchilar esa yiliga 1,5 ming yoshga nemis tili va kasb o‘rgatmoqda.

Davlat rahbari loyihaning birinchi bitiruvchilari bilan suhbatlashganini aytdi. Ularga Yevropada oyiga 3-5 ming yevro maosh to‘lanadigan ish o‘rinlari taklif qilinmoqda.

Endi tumanlardagi maktab o‘quvchilarini Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va yangicha metodika asosida ishlayotgan 57 ta texnikumga jalb qilishning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Robototexnika chempionlari pul oladi

Kelasi yildan barcha tumanlarda bittadan maktabda aniq fanlarni chet tilida o‘qitish boshlanadi. Yil yakunigacha har bir tumanda robototexnika to‘garagi ochilib, jihozlanadi. Har yili mart oyida o‘quvchilar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkaziladi. Birinchi o‘rin egasiga 30 million, ikkinchi o‘ringa 20 million, uchinchi o‘ringa 10 million so‘m mukofot beriladi.

Uy-joy masalasi

Qashqadaryo aholisi ko‘paygani sari zamonaviy uy-joylarga talab ham ortib bormoqda. Shu bois, Qarshi shahri, Ko‘kdala va Qarshi tumani chegarasida 5 ming gektar maydonda 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Qarshi tumanidagi kanal bo‘yida esa 235 gektarlik «Yangi Nasaf» ekomajmuasining qurilishi boshlanadi.

Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilg‘or shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard so‘m ajratiladi. Yangi hududlarda ko‘p qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar «yashil» va «aqlli» shahar tamoyillari asosida quriladi.

Viloyatda ko‘chat ekish va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha ham «Qashqadaryo tajribasi» yaratiladi. Har yili Navro‘z arafasida «Eng yashil mahalla» tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Banklarga kreditlashdagi ortiqcha talablarni bekor qilish vazifasi qo‘yildi | Vaqt.uz