
Eronning AQSH bazasiga raketa hujumi Qatarni g‘azablantirdi
24.06.2025 | 09:0042803
Qatar hukumati Eronning Al Udayd aviabazasiga qilgan raketali hujumiga qat’iy bayonot bilan javob qaytardi. Mamlakat bu zarbani o‘z suverenitetiga va xalqaro huquq me’yorlariga «dahshatli tajovuz» sifatida baholadi.

2025 yilning dushanba kuni Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi «G‘alaba xushxabari» operatsiyasi doirasida AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi — Qatarda joylashgan Al Udayd bazasiga «muvaffaqiyatli va yo‘q qiluvchi» raketali zarba yo‘llaganini e’lon qildi. Ushbu baza AQSHning Markaziy qo‘mondonligi uchun asosiy operatsiya markazi hisoblanadi.
Qatar rasmiylari hujum vaqtida hech kim jabrlanmaganini ma’lum qildi. Mamlakatning havo mudofaa tizimi bir necha raketa va dronlarni yo‘ldayoq urib tushirgan. Qatar tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Majid al-Ansoriyning aytishicha, bu hujum Qatar havo fazosi daxlsizligini poymol qilgan.
Pentagon ham ushbu hujumda Amerika harbiylari orasida qurbonlar bo‘lmaganini tasdiqladi. Ular Eron tomonidan o‘rta va qisqa masofali raketalar ishlatilganini ma’lum qildi. Guvohlarga ko‘ra, portlashlar Qatar poytaxti Dohada ham eshitilgan.
Al Udayd bazasi Doha shahridan 30 kilometr janubiy-g‘arbda joylashgan bo‘lib, 10 mingdan ortiq AQSH harbiylari uchun mo‘ljallangan. Baza Qatarga tegishli, ammo u yerda Amerika harbiy kontingentining asosiy qismi joylashgan.
Hujumdan so‘ng mintaqa davlatlari xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Bahrayn va Qatar vaqtinchalik aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Iroq va Kuvayt esa o‘z havo kengliklarini yopishga qaror qildi. Kuvayt buni «ehtiyot chorasi» deb atadi. Bahraynda esa havo trevoga sirenalari eshitilib, aholi xavfsiz joylarga o‘tishga chaqirildi.





