
Finlandiya Rossiya aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Ukrainaga qurol yetkazib beradi
20.05.2025 | 18:3231913
Finlandiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan 90 million yevro daromadni Ukrainaga harbiy yordam sifatida yo‘naltirish bo‘yicha Yevropa Komissiyasi bilan kelishuv imzoladi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi 19 may kuni Xelsinkida ma’lum qildi.

Ushbu kelishuv orqali Finlandiya Yevropa Ittifoqining Yevropa tinchlik jamg‘armasi (EPF) orqali Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish choralarini amalga oshiruvchi davlatlar qatoriga qo‘shildi. Qarorga muvofiq, Ukraina Qurolli Kuchlari uchun zarur o‘q-dorilar fin kompaniyalaridan xarid qilinadi.
Mudofaa vaziri Antti Xyakkyanenning ta’kidlashicha, bu orqali nafaqat Ukrainaga yordam ko‘rsatiladi, balki Finlandiyaning mudofaa sanoatida ish o‘rinlari ham yaratiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatning 660 million yevroga teng umumiy yordam dasturining bir qismi hisoblanadi.
Vazir, shuningdek, Finlandiyaning qurol-aslaha ishlab chiqarish sohasiga qilayotgan sarmoyalari o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Rossiya aktivlaridan tushgan daromaddan qanday qurol turlari yetkazib berilishi haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.
Avvalroq Finlandiyada Ukraina va NATO ehtiyojlari uchun dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasi e’lon qilingan edi. Summa Defence kompaniyasi bu borada yangi zavod qurish orqali ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan.





