
Fuqarolar yashash joyi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni onlayn tuzatishi mumkin
O‘zbekistonda fuqarolar o‘zining yashash joyi va ko‘chmas mulk ma’lumotlarini tahrirlash bo‘yicha yangi davlat xizmati joriy etildi.

O‘zbekistonda fuqarolarning yashash joyi manzili hamda ularga tegishli ko‘chmas mulkda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni tuzatishga qaratilgan yangi davlat xizmati joriy etilmoqda. Bu haqda tegishli hukumat qarori qabul qilindi.
Yangi tartib orqali aholi o‘z ma’lumotlaridagi kamchiliklarni rasmiy ravishda va qisqa muddatlarda bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Murojaatlar qay tartibda yuboriladi?
Xizmatdan foydalanish hozircha ichki ishlar organlari va Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2026 yil 1-martdan boshlab fuqarolar my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda ham murojaat yuborishlari mumkin bo‘ladi. Onlayn murojaatlar dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, sutkaning 24 soati davomida qabul qilinadi.
Taqdim etilgan so‘rovnomalar vakolatli organlar tomonidan uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Murojaatda ko‘rsatilgan ma’lumotlar «Manzil» axborot tizimi, FHDYning elektron arxivi hamda «Raqamli mahalla» platformasi orqali o‘zaro solishtirib tekshiriladi. Bu jarayon ma’lumotlarning ishonchliligi va xolisligini ta’minlashga qaratilgan.
Tuzatilgan ma’lumotlar QR-kod qo‘yilgan holda tasdiqlanadi va ariza beruvchiga elektron yoki qog‘oz shaklda taqdim etiladi. Bu esa hujjatlarning haqqoniyligini tezkor tekshirish va ulardan turli idoralarda foydalanishni yengillashtiradi.
Qanday vaziyatlarda murojaat rad etiladi?
Agar so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa yoki shaxs qidiruvda bo‘lsa, davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilishi mumkin. Boshqa asoslar bilan rad javobi berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolar xizmatdan foydalanishning istalgan bosqichida murojaatdan voz kechish huquqiga ega bo‘lib, taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi.





