Ham aytamiz, ham qaytamiz — Toshkentga qaytgan panjaralar
Poytaxt ko‘chalarida harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq bo‘lgan YTHlarning oldini olish maqsadida olib tashlangan temir panjaralar oradan 8 yil o‘tib yana shu sabab bilan qayta o‘rnatildi. Qayta qo‘yilayotgan bu to‘siqlar uchun davlat budjeti hisobidan 7 mlrd so‘mga yaqin pul sarflangani aytilmoqda.
To‘siqlarning qayta o‘rnatilishi va unga yirik mablag‘ sarflanishi jamoatchilikda aniq savollarni keltirib chiqardi. Xo‘sh, bu qarorning asosi nimada? Nega ilgari samarasiz deb topilgan choralar bugun yana kun tartibiga chiqdi?
Bu ishlarga bosh-qosh deb shahar hokimligini aytish mumkin. Ammo VAQT.UZ jurnalistining savoliga poytaxt hokimligi mas’ullari aniq javob bermadi. Ular bu masala yuzasidan ma’lumotni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi berishi mumkinligini bildirdi. Buyog‘i «otanga bor, onanga bor», deganidek: Toshkent shahar hokimligi bu masalaga poytaxt IIBB mas’ul desa, ular asosiy tashabbuskor sifatida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini ko‘rsatdi. «GAI» xodimlari esa barcha ma’lumotlarni qaror qabul qilgan shahar hokimligidan olish mumkinligini aytish bilan cheklandi.
Vaholanki, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning 2025 yil 25-iyuldagi qarorida mazkur ishlarning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosarlari Baxtiyor Rahmonov va Baxtiyor Haydarov zimmasiga yuklatilgan edi.
Oxir-oqibat, bu to‘siqlar nega olingani va nega yana qayta qo‘yilayotgani haqidagi savolimiz ochiq qoldi. Panjaralar allaqachon shahar ko‘chalari bo‘ylab o‘rnatilishni boshlagan.
Panjaralar olib tashlanayotganida yoki hozir qayta o‘rnatilishidan oldin bu masala atroflicha ko‘rib chiqilganmi, mutaxassislar bilan maslahat qilinganmi va eng muhimi, haydovchilar fikri olinganmi — bu bizga qorong‘u.
Ammo holat yuzasidan haydovchilar fikrini ham so‘radik. Ularning ba’zilari panjaraning yaxshi tomonlari borligini, YTHlarning oldini olishini aytsa, boshqalari esa aynan shu to‘siq sabab avariyaga uchraganini ta’kidladi.
Shuningdek, bir respondent bu ishlar haqida jamoatchilik fikri o‘rganilganmi, deya bizni ham savolga tutdi. Qolaversa, o‘rnatilayotgan to‘siqlar sifatsiz ekanidan norozilik bildirganlar ham bo‘ldi.
Panjaralar o‘rnatish masalasi bugun ma’lum bo‘lib qolgani yo‘q. Aslida, 2025 yil may oyida Toshkent shahar hokimi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan temir panjaralar o‘rnatish uchun 6,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Qayd etilishicha, temir to‘siqlarni o‘rnatadigan pudratchi — «Qarshi Stroy Sentr» kompaniyasi. Kompaniya 2025 yil 10–28-noyabr kunlari Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» tomonidan o‘tkazilgan to‘siq o‘rnatish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tender natijalariga ko‘ra, «Qarshi Stroy Sentr» eng yuqori ball to‘plagan holda g‘olib deb topilgan va 6 milliard 6 million 446 ming 265,20 so‘mga (QQS bilan) 90 kun ichida qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan. Ishlar boshlangan.
Temir to‘siqlar o‘rnatiladigan ko‘chalar
Gazeta.uz tanishgan hujjatlarga ko‘ra, quyidagi ko‘chalarda metall panjaralar o‘rnatiladi:
— Islom Karimov ko‘chasida — «Xalqlar do‘stligi» saroyidan Vazirlar mahkamasigacha bo‘lgan butun qism bo‘ylab (1,8 km);
— Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida — Do‘rmon yo‘li va Feruza ko‘chalari oralig‘ida, 6-poliklinikadan Ginekologiya institutigacha bo‘lgan qismida (1,6 km);
— Feruza va Yuzrabot ko‘chalarida — Ekobozordan temiryo‘l liniyasigacha (3,55 km);
— Mirobod ko‘chasida — Shota Rustaveli va Afrosiyob ko‘chalari oralig‘ida, «Grand Mir» mehmonxonasidan O‘zbekiston IIV binosigacha bo‘lgan qismida (1,45 km);
— Sag‘bon ko‘chasida — «Chorsu» bozori ro‘parasida (1,2 km);
— Yangishahar ko‘chasida — Ahmad Donish va Yangi Yunusobod ko‘chalari oralig‘ida, Yunusobod dehqon bozori ro‘parasi (1,1 km);
— Alisher Navoiy va Beruniy ko‘chalarida — Furqat ko‘chasidan Ozod ko‘chasigacha, «Ko‘kaldosh» madrasasi ro‘parasida (1,75 km).
Yo‘l chetlari bo‘ylab to‘siqlar quyidagi ko‘chalarda o‘rnatiladi:
— Toshkent halqa yo‘lida — Pedagogika instituti (700 m) va O‘zbekiston jahon tillari universiteti (600 m) ro‘parasida.
To‘rsimon panjaralar («Yevrozabor» turi) o‘rnatiladi:
— Bektemir shohko‘chasi markazi bo‘ylab, Qo‘yliq bozori ro‘parasidagi THAY ko‘prigida (250 m);
— Qoraqamish ko‘chasi 1-uyda — Qush bozori bozori ro‘parasi (1,4 km);
— Aviasozlar ko‘chasida — «Aviasozlar» bozori ro‘parasida (300 m);
— THAYda — Ibn Sino massivining ro‘parasida (2 km);
— «Favvora» restorani ro‘parasidagi THAY yo‘lining chetlari bo‘ylab, «Sassiq» ko‘prigining Qo‘yliq tomon (200 m) qismida;
— Yangi Sergeli ko‘chasida — avtomobil bozori ro‘parasida (250 m).
Yana bir e’tiborga molik holat Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida kuzatildi. Shu nomdagi ko‘chada yo‘lni ajratib turuvchi panjaralar o‘rnatilganidan atigi bir hafta o‘tib, demontaj qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, panjara belgilangan me’yoriy balandlikka mos kelmagani sabab olib tashlangan. Uni qayta, belgilangan talablarga muvofiq tarzda o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ayni paytda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va poytaxt hokimligi ham vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan. Biroq ayrim hududlarda ishlar vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum.
Bu qaror ko‘plab jamoatchilik vakillari va jurnalistlar tanqidiga uchradi. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi:
«Dasturimizni jinnixona yangiliklari bilan davom ettiramiz: Toshkentda yo‘l o‘rtalariga yana panjaralar o‘rnatilishi boshlangan edi, endi o‘sha panjaralarni buzib chiqishibdi — yana qayta o‘rnatish uchun. Ularni 2017–2018 yillarda harakat xavfsizligiga xalaqit bergani, odamlarni urib yuborish bilan bog‘liq YTHlarga sabab bo‘lgani uchun ommaviy ravishda olib tashlashgan edi. Ishqilib, kim(lar)dir soqqa qilyapti (shekilli)».
Shuningdek, jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham bu masalaga o‘z fikrini bildirdi.
«Panjaralar piyodalar hayoti va salomatligini asraydi», degan vaj — mutlaqo asosga ega bo‘lmagan umuman noto‘g‘ri vaj. Panjaralar borligi uchun haydovchilarning o‘ziga ishonchi ortadi, tezroq haydaydi va zebralar uchun ochilgan joyda piyodalarni urib yuborish ko‘payadi. Ayniqsa yosh bolalarni. Chunki panjaralar ro‘paradan qaralsa ochiqdek, ammo yo‘l bo‘ylab harakatlanib kelishda «obzor»ni yopadi.
Ha, yo‘l o‘rtasi ochiq turganda piyodalar qoidani buzib istalgan joydan kesib o‘tishi mumkin. Lekin haydovchilar bu holatda uzoqdan ularni payqab reaksiya qilishardi. Bunaqa panjara bilan har bitta «zebra»ga svetofor o‘rnatish kerak. Bu esa baribir tezlikning kamayishiga olib keladi.
Oddiy narsani tushunmaydi, bizning dunduklar va bu holatda «faqat soqqa uchun qilinyapti», degan versiya eng jonli versiya bo‘lib ko‘rinaveradi…»
Xulosa qilib aytganda, poytaxt markaziy ko‘chalarida yana paydo bo‘layotgan metall to‘siqlar qancha muddat saqlanib qolishi hozircha noma’lum. Ammo bir narsa aniq: bu loyiha uchun milliardlab so‘m mablag‘ ajratilgan va ishlar allaqachon boshlangan.
Ayni paytda masalaga mas’ul idoralardan aniq va batafsil izoh berilmagani vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Hokimlik ham, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham qaror sabablariga oid aniq tahlil va asoslarni ochiqlamagan. Natijada, eng muhim savol — panjaralar nega o‘z vaqtida olib tashlangani va bugun aynan qanday yangi hisob-kitoblar asosida yana qayta o‘rnatilayotgani — javobsiz qolmoqda.
Bu qaror qanday tahlil, qanday statistika va qanday ekspert xulosalariga tayangan holda qabul qilingani ochiq-oydin tushuntirilgani yo‘q. Tahririyatning rasmiy izoh olishga bo‘lgan urinishlari esa bir idoradan boshqasiga yo‘naltirish bilan yakunlandi. Natijada, jamoatchilikni qiziqtirayotgan eng muhim savollar ochiq qolmoqda.
Teglar






