
«IT Park»ka 1 oyda 58 yangi eksportchi kompaniya qo‘shildi
09.07.2025 | 10:3045503
2025 yil iyun oyida O‘zbekiston IT Park'iga eksportga yo‘naltirilgan 58 ta yangi texnologiya kompaniyasi qo‘shildi. Ulardan yarmi xorijiy sarmoya bilan tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning IT sohasidagi xalqaro investitsiya oshib borayotganini ko‘rsatadi.

IT Park matbuot xizmati xabariga ko‘ra, iyun oyida rezidentlar safiga 58 ta yangi eksportchi kompaniya qo‘shildi. Ulardan 29 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. Investorlar Vengriya, Portugaliya, Ruminiya, BAA, Turkiya, Indoneziya, Yaponiya kabi davlatlardan.
Joriy yilning iyuni yakuniga kelib, eksportga yo‘naltirilgan IT Park rezidentlari soni 750 taga yetdi. Shulardan 228 tasi Toshkentdan tashqarida faoliyat yuritmoqda. Umumiy xorijiy kompaniyalar soni 776 tani tashkil etib, 206 tasi mintaqalarda joylashgan.
Eksport salohiyati yuqori bo‘lgan kompaniyalar orasida Dubay sarmoyadori ishtirokidagi Mont Tech Systems 8,5 mln dollarlik SaaS va IT-konsalting xizmatlari orqali Tojikiston bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda.
Ruby Talent Solutions kompaniyasi esa Portugaliya va Vengriya sarmoyasi bilan AQSH bozoriga autsorsing orqali kadr boshqaruv xizmatlarini eksport qilmoqchi. Uning ilk yildagi eksport prognozi 3 mln dollarga yaqin.
Ruminiyalik investorlar tashkil etgan Accesa kompaniyasi Germaniya va Ruminiya mijozlari uchun dasturiy ta’minot, IT-konsalting va dizayn xizmatlarini eksport qilib, 2,2 mln dollar tushum olishni maqsad qilgan. Shu orqali 40 ta ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, Braziliyalik Guaraqe kompaniyasi AQSH bozori uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlari orqali 1,5 mln dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Yil boshidan buyon IT Park’da 636 ta yangi kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 284 tasi eksportga yo‘naltirilgan. Ularning 164 tasida xorijiy investorlar ishtirok etmoqda.





