1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi

Bugun 13:003 daqiqa

Hukumatning o‘tgan yilgi qarorida har yili 1-maydan elektr va tabiiy gaz narxlari 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilangan edi.

1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi © Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bugun, 15-may kuni qabul qilingan «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida»gi qarori bilan 2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘mni tashkil etadi.

III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.

Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:

— oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:

— oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 100 so‘m bo‘ladi.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.

Tabiiy gaz

Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.

Qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi.

Ma’lumot uchun, hukumatning 2025-yil 31-martdagi qaroriga muvofiq, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.

Amaldagi narxlar

2025-yil 1-apreldan aholi uchun elektr energiyasi tariflari iste’mol hajmiga qarab quyidagicha belgilangan:

oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘m;
201 dan 500 kVt/soatgacha — 800 so‘m;
501 dan 1000 kVt/soatgacha — 1000 so‘m;
1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1500 so‘m;
5 001 dan 10 000 kVt/soatgacha — 1750 so‘m;
Oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.

Noyabrdan fevralgacha bo‘lgan isitish mavsumida jismoniy shaxslar uchun tabiiy gaz tariflari:

oyiga 500 kub metrgacha — kub metri uchun 1000 so‘m;
oyiga 501 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1800 so‘m;
oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2100 so‘m;
oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2500 so‘m;
oyiga 10 000 kub metr va undan yuqori — 3000 so‘m.

Martdan oktabrgacha bo‘lgan davrda maishiy iste’molchilar quyidagi tariflarni to‘laydi:

oyiga 100 kub metrgacha — kub metri uchun 1000 so‘m;
oyiga 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1800 so‘m;
oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2100 so‘m;
oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2500 so‘m;
oyiga 10 000 kub metr va undan yuqori — 3000 so‘m.

Teglar

Mavzuga oid

1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi | Vaqt.uz