add

Meksikada «Z avlod» namoyishi tartibsizlikka aylanib ketdi

Mexiko markazida o‘tkazilgan norozilik namoyishida tartibsizliklar yuz berdi: 100 dan ortiq politsiyachi va 20 nafar fuqaro jarohatlandi, bir necha namoyishchi hibsga olindi.

Meksikada «Z avlod» namoyishi tartibsizlikka aylanib ketdi

Mexiko shahrida minglab odamlar «Z avlod» nomi ostida hukumatning xavfsizlik siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi. Namoyishlarga Uruapan shahri meri Karlos Manzoning ommaviy tadbirda otib o‘ldirilishi turtki bo‘ldi. Reuters yozishicha, norozilik aksiyalari Meksikaning ko‘plab shaharlarida ham o‘tkazilgan.

Mexiko shahar jamoat xavfsizligi vaziri Pablo Vaskes Kamachoning ma’lum qilishicha, tartibsizliklar paytida 114 nafar politsiyachi jarohat olgan, ulardan 40 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, 20 nafar tinch aholi vakili ham jarohatlangan.

Prezident Klaudiya Sheynbaum yashaydigan Milliy saroy yonida bir guruh niqobli namoyishchilar to‘siqlarni buzib kirishga urinib, politsiya bilan to‘qnashuv yuz berdi. Maxsus kuchlar ko‘z yosh oqartuvchi gaz ishlatgan. Voqea guvohlarining Reuters’ga bildirishicha, vaziyat keskinlashgan.

Kamacho 20 kishi hibsga olinganini, yana 20 nafar fuqaroga ma’muriy huquqbuzarlik uchun sudga chaqiruv berilganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun: «Z avlodi» deb 1997–2012 yillar oralig‘ida tug‘ilgan yoshlar ataladi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Nepalda Internetning cheklanishi ortidan kelib chiqqan ommaviy tartibsizliklar natijasida hukumat ag‘darilgan edi. Bu namoyishlar tarixga Z avlod qo‘zg‘aloni nomi bilan kirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Meksikada «Z avlod» namoyishi tartibsizlikka aylanib ketdi | Vaqt.uz