Logo

Mirziyoyev Putinni tabrikladi

Bugun 19:592 daqiqa

Ikki davlat yetakchisi telefon orqali muloqot qildi.

Mirziyoyev Putinni tabrikladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

O‘zaro hamkorlik barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi korxonalar kooperatsiyasi ko‘lami izchil ortib bormoqda.

Kuni kecha Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.

Muloqotda faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotganiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, yaqinda O‘zbekistonda «San’atlar olami» deb nomlangan Rossiya san’ati festivali muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, ayni kunlarda esa Moskva shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tayotgani alohida ta’kidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Ma’lumot uchun, Vladimir Putin tug‘ilgan kunlarini turlicha o‘tkazgan. 2014 yilda 62 yoshini Sibir taygasida, eng yaqin aholi punktidan 300–400 kilometr uzoqlikda nishonlagan. Kreml buni Putinning 15 yil ichidagi birinchi rasmiy dam olish kuni sifatida bildirgan.

2015 yilda esa u 63 yoshini Sochida muz ustida xokkey o‘ynab nishonlagan. Putin ishtirok etgan jamoa 15:10 hisobida g‘alaba qozongan va prezidentning o‘zi yetti gol urgan. Uning jamoasida sobiq NXL yulduzlari ham ishtirok etgan.

2023 yilda Putinning 71 yoshga to‘lishi O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev bilan birga o‘tgan. Putinning o‘zi keyinchalik tug‘ilgan kunini uchovlon o‘tkazganini aytgan.

2024 yilda esa Putin 72 yoshini ish jarayonida kutib olgan va tug‘ilgan kuni munosabati bilan Rossiya hamda xorijdan bir qator tabriklar qabul qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Mirziyoyev Putinni tabrikladi | Vaqt.uz