Moliyaviy xizmatlarda yangi xavfsizlik tartibi: Telefon raqami boshqa shaxs nomida bo‘lsa nima bo‘ladi?
22-apreldan boshlab masofaviy moliyaviy xizmatlarda yangi ro‘yxatdan o‘tayotgan mijozlar uchun telefon raqami, JSHSHIR va bank karta egasi o‘zaro mosligi tekshiriladi.

Joriy iylning 22-aprelidan boshlab mobil ilovalardan foydalanuvchining telefon raqami jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga (JSHSHIR) mos bo‘lishi shart bo‘ladi. Markaziy bank ma’lum qilishicha, mazkur tartibga ko‘ra, yangi ro‘yxatdan o‘tayotgan mijozlar uchun telefon raqami, JSHSHIR va bank karta egasi o‘zaro mosligi tekshiriladi. Agar barcha ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelsa, foydalanuvchi ilovadan hech qanday cheklovlarsiz odatdagidek foydalanishda davom etadi.
Agar telefon raqam yaqin qarindoshlar — ota-ona, opa-singil, turmush o‘rtog‘i yoki farzand nomida bo‘lsa, bu holat muammo tug‘dirmaydi. Ya’ni, yaqinlar o‘rtasidagi bunday foydalanish amalda saqlanib qoladi va cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Muammo faqat telefon raqam yoki bank karta sizga aloqasi bo‘lmagan begona shaxs nomida bo‘lganda yuzaga keladi. Shuningdek, ushbu tartib asosan 22-apreldan keyin yangi ro‘yxatdan o‘tadiganlar uchun amal qiladi, avvaldan ilovadan foydalanayotganlar uchun esa hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.
Xavfsizlikning yangi bosqichi va texnik cheklovlar
Yangi talablarga ko‘ra, bank ilovalarida biometrik identifikatsiya, ya’ni selfi orqali shaxsni tasdiqlash jarayoni majburiy etib belgilandi. Endilikda yangi qurilmadan kirish yoki kirish kodini o‘zgartirish kabi muhim amallar uchun faqat SMS-kod kifoya qilmaydi. Shu bilan birga, agar telefonda ovozli yoki video qo‘ng‘iroq amalga oshirilayotgan bo‘lsa yoxud masofaviy boshqarish dasturlari aniqlansa, xavfsizlik tizimi bank amaliyotlarini avtomatik tarzda to‘xtatib qo‘yadi.
P2P o‘tkazmalari, ya’ni kartadan kartaga pul o‘tkazish xizmati endilikda faqat mobil ilovalar orqali taqdim etiladi va bunday ishlarni veb-saytlar orqali bajarish taqiqlanadi. Bir martalik tasdiqlash kodlari kamida oltita belgidan iborat bo‘lishi hamda ularning amal qilish muddati 59 soniyadan oshmasligi shart. Yangi smartfondan ilovaga kirilganda esa, tizim xavfsizlik maqsadida barcha mahalliy ma’lumotlarni va amaliyotlar tarixini tozalab tashlaydi.
Masofaviy kredit olish tartibi ham kuchaytirilib, bir shaxsga bir sutka davomida bir nechta tashkilotdan qarz ajratilishiga cheklov qo‘yiladi. Agar mijoz firibgarlar tuzog‘iga tushsa va bu holat huquq tartibot organlari tomonidan tasdiqlansa, bank mazkur kredit bo‘yicha foiz hamda jarimalar hisoblashni zudlik bilan to‘xtatadi. Ilovalarda «firibgarlik haqida xabar berish» tugmasi joriy etilib, bu orqali bankka tezkor murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, pul o‘tkazmalari paytida karta egasining familiyasi to‘liq ko‘rsatilmaydi — faqat birinchi harfi qoldiriladi. Ism esa to‘liq ko‘rinishi mumkin. Bu shaxsiy ma’lumotlarni firibgarlardan himoya qilish uchun xizmat qiladi.
Kiberjinoyatlar
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni oxirgi besh yil ichida 68 baravarga oshgan. O‘tgan yilning 10 oyi davomida 46 mingdan ortiq firibgarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trln so‘mdan oshib ketgan.





