
Muxolifat partiyalarga ijro hokimiyatini nazorat qilish imkoniyatini beriladi
31.07.2025 | 12:0021243
O‘zbekiston parlamentida o‘zini muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiyalarga qator kafolatlangan huquqlar berildi. Yangilangan qonunga ko‘ra, ular qonunchilik jarayonida va nazorat funksiyalarida faolroq ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.

2025 yil 30 iyulda qabul qilingan “O‘RQ–1077-son”li Qonunga muvofiq, bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu o‘zgartishlar orqali parlamentdagi muxolifat sifatida tan olingan siyosiy partiya fraksiyalarining vakolatlari aniq belgilab berildi.
Qonunda ko‘rsatilishicha, muxolifat sifatida e’lon qilingan fraksiya Qonunchilik palatasida birta qo‘mita raisi va ikkita qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli ravishda egallaydi. Bu muxolifatni parlamentdagi qonun ijodkorligi jarayonida ta’sirchan ishtirokchiga aylantiradi.
Shuningdek, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishgacha bo‘lgan muddatda muxolifat fraksiyasi o‘z tahriridagi muqobil loyihani taqdim etishi mumkin. Bu orqali turli fikrlar va yondashuvlar asosida qonunlar takomillashtirilishiga zamin yaratiladi.
Yana bir muhim o‘zgarish — muxolifat har chorakda “Hukumat soati” hamda parlament so‘rovi doirasida mustaqil ravishda masala ko‘tarishi mumkin. Bu ularga ijro hokimiyatini nazorat qilish imkoniyatini beradi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi va siyosiy tizimdagi institutsional kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan.





