Logo

Namangandagi 5 yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

Bugun 18:252 daqiqa

Uchqo‘rg‘onda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 5 yoshli qizaloq va uning oilasi uy-joy hamda reabilitatsiya bilan ta’minlanib, boshqa shaharga ko‘chiriladi.

Namangandagi 5 yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori ma’lum qilishicha, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 5 yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, fojia yuz berganidan beri idora vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Ilk kunlardan mutaxassislar hamda psixologlar qizaloq va uning onasi bilan ishlamoqda. Bu og‘ir damda oilaga barcha zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Ular uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi. Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, qizaloqning onasiga o‘qish va ishga joylashishida yordam beriladi. Zarur bo‘lsa, familiyasi va boshqa shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirishga ham ko‘maklashiladi.

«Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi», — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Prezident Administratsiyasi bu masalani alohida nazoratga olgan. Barcha mas’ul idoralar ilk kunlardanoq ishga jalb qilingan.

Bundan avval Namangan viloyatidagi holat bo‘yicha Prezident Administratsiyasi rahbari munosabat bildirib, jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortilishini, bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanishini ma’lum qilgandi.

Gumonlanuvchi qamoqda

Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan K.M. shu kuni protsessual tartibda ushlangan. Sud unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llagan. Ayni vaqtda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Barcha davlat bog‘chalarida tekshiruv

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berishicha, ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Shuningdek, bunday holatlarning boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham takrorlanishining oldini olish maqsadida maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid