Logo

«Normalniy odam kelin bermaydi»: Shahrisabz hokimi bilan bog‘liq voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Bugun 20:233 daqiqa

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadonida odob-axloq qoidalarini buzgani holati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish yuzasidan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritdi.

«Normalniy odam kelin bermaydi»: Shahrisabz hokimi bilan bog‘liq voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi © Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahalliy aholi xonadonlaridan biriga kirib, davlat fuqarolik xizmatchisi odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlar qilgani aks etgan videotasvirlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirdi.

Agentlik ma’lum qilishicha, har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart. Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, asoslanmagan ma’muriy bosim o‘tkazish qonunchilik va etika me’yorlariga mutlaqo zid ekani ta’kidlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritganini ma’lum qildi.

Holat qanday yuz bergan?

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadoniga kirib borgani aks etgan video keng tarqalgan edi. Videoda tuman hokimi uy egasiga yashash joyini qanday tutish kerakligini uqtirib, xonadonning sanitariya holatini tanqid qiladi hamda tasvirlar mahallaning Telegram guruhiga joylanishini aytadi.

«Ertaga shu ro‘zg‘orga, masalan, “normalniy” odam kelin bermaydi. Bugun kanalga qo‘yiladi hozir. Mana shu mahalla kanalida o‘zingizni ko‘rasiz. Anavi qo‘shningizni ham oldik», — deydi u videoda.

Videoda mahalla raisi sifatida tanishtirilgan ayol ham xonadon egasiga bir necha marta uy va uning atrofini tartibga keltirish bo‘yicha ogohlantirilganini aytadi.

«Necha marta mahalla kelib uyingizga aytgan tozalashni? Bu yonimizdan so‘rang… Bizning o‘zimiz ushlab olib gapirganimiz uchun ana shu ko‘chani tozaladi bolalaringiz. Axlat turardi xaltada, to‘g‘rimi, uyingiz oldida? Ana o‘sha xalta axlatini ham tayinlab oldirdik. Nima uchun sizning to‘g‘ri yashashingiz, “normalniy” yashashingiz uchun tashqaridan kimdir kelib aytishi kerak?», — deydi u.

Shundan so‘ng tuman hokimi xonadon ichiga kirib, uydagi sharoitni o‘z ro‘zg‘ori bilan taqqoslaydi hamda bu xonadondan hech kim kelin olmasligini aytadi. Shuningdek, u fuqaroning tush vaqtida dam olayotganini ham tanqid qilib, o‘zining ishlayotganini misol keltiradi.

Video yakunida hokim mas’ullarga xonadon egalariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq beradi.

«Hozir jarimani urasiz. Ko‘cha, uyini, yashash, axlat, hammasi uchun jarima urasiz. Menga birortasidan men iltimos qildim, kechirim so‘radi degan gap kerak emas», — deydi Samad Hasanov.

Video keng muhokamaga sabab bo‘lganidan keyin Shahrisabz tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, voqea Shamaton mahallasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sodir bo‘lgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tuman hokimi serqatnov yo‘l bo‘yida devorlari, derazalari va atrofi yantoq hamda boshqa begona o‘tlar bilan qoplanib, tashlandiq uyni eslatuvchi xonadonga e’tibor qaratgan. Shundan so‘ng u mazkur xonadonda hech kim yashamaydimi, deb mahalla fuqarolar yig‘ini raisidan so‘ragan. Mahalla raisi esa bu uyda nogironligi bo‘lgan keksalar yashashini aytgan.

Munosabatda qayd etilishicha, Samad Hasanov aslida shu keksa fuqaroning xonadoniga bormoqchi bo‘lgan. Biroq ikkala xonadon yonma-yon joylashgani va darvozalari bir joyda bo‘lgani sababli mahalla raisi yanglish ravishda qo‘shni uyni ko‘rsatgan va tuman hokimi dastlab shu xonadonga kirgan.

«Xonadonga kirishdan oldin mahalla raisi hamda tuman hokimi tomonidan xonadon egasidan ruxsat so‘ralgan», — deyiladi munosabatda.

Hokimlikka ko‘ra, shundan keyin tuman hokimi xonadon va uning atrofini ozoda saqlash, tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiya va tushuntirishlar bergan.

Shuningdek, hokimlik tarqalgan videoni tuman hokimligi matbuot xizmati olmagani va ijtimoiy tarmoqlarda joylamaganini bildirgan. Qayd etilishicha, videoni mahalla «yettiligi» vakillari tasvirga olgan va uni tuman hokimligining rasmiy kanallariga emas, balki ishchi guruhning tor doiradagi Telegram guruhiga joylagan.

«Yuzaga kelgan tushunmovchilik mahalla raisi tomonidan xonadonlar yanglish ko‘rsatilgani bilan bog‘liq bo‘lib, hech qanday fuqaroni kamsitish yoki uning shaxsiy daxlsizligini buzish maqsadi ko‘zlanmagan», — deyiladi hokimlik munosabatida.

Teglar

Mavzuga oid