
Oltin narxi tushishi fonida O‘zbekiston zaxiralari 30 mlrd dollargacha qisqarishi mumkin — S&P tahlili
30.05.2025 | 15:0040485
S&P Global Ratings agentligining tahliliga ko‘ra, yaqin yillarda O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari sezilarli ravishda kamayishi mumkin. Asosiy xavflardan biri sifatida oltin narxining kutilgan pasayishi va tashqi qarzning o‘sishi ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston oxirgi yillarda energetika, konchilik, infratuzilma va ijtimoiy xarajatlarga katta sarmoya kiritdi. Bu davlat qarzining o‘sishiga olib keldi — 2020–2024 yillarda umumiy qarz yillik YAIMga nisbatan o‘rtacha 6,1 foizga oshib bordi. S&P hisob-kitoblariga ko‘ra, 2028 yilgacha umumiy davlat qarzi YAIMning 40 foiziga yetishi mumkin.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda byudjet daromadlarining taxminan uchdan biri xomashyodan, asosan oltin va mis eksportidan shakllanadi. 2025 yilda oltinning yuqori narxi byudjetga soliq tushumlarini ko‘paytirmoqda. Biroq agentlik yaqin yillarda narxlar pasayishiga ishora qilmoqda. Shunga qaramay, narxlar tarixiy o‘rtachaga nisbatan hali ham yuqori bo‘lib qoladi.
Markaziy bank zaxiralari 2024 yilda 49,3 mlrd dollarni tashkil etdi. 2026 yilda bu ko‘rsatkich 36,3 mlrd dollarga, 2028 yilda esa 30 mlrd dollargacha tushishi mumkin. Bunda zaxiralarning 77 foizi oltinda saqlanayotgani xavfli konsentratsiyani yuzaga keltirmoqda.
Boshqa xavflardan biri — davlat kafolati berilmagan korxonalar qarzining davlat byudjetiga yuklanishi mumkinligi. 2024 yilda bu qarz YAIMning 4,6 foizini tashkil etdi va asosan xorijiy valyutada olingan. Bu mablag‘lar energetika va infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilgan.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari hajmi ham YAIMning 27 foiziga yetgan. Agar ular samarasiz boshqarilsa, qarzlarning qaytarilishi muammoli bo‘lishi mumkin. Shu bois yangi me’yoriy bazaning joriy qilinishi kelgusi majburiyatlarni cheklashni maqsad qilgan.
Ichki qarz ulushi ham ortmoqda: 2022 yilda u 11 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 16 foizga yetdi. Bu davlat qarzi bo‘yicha foiz xarajatlarini 2024 yilda 77 foizga oshirdi. Ammo imtiyozli qarzlarning yuqori ulushi sabab foiz xarajatlari byudjet daromadlarining 5 foizidan oshmasligi kutilmoqda.
Shu bilan birga, hukumat to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishni, xususiylashtirish dasturi orqali mablag‘ jalb etishni rejalashtirmoqda.
Joriy hisob taqchilligi va tashqi qarzning o‘sishi O‘zbekistonning to‘lov muvozanati bilan bog‘liq xavflarini kuchaytirishi mumkin. 2028 yilga borib tashqi nomutanosiblik 2024 yilgi 5 foizdan, YAIMning 6,2 foizigacha yetishi taxmin qilinmoqda. Bunga pul o‘tkazmalari o‘sishining sekinlashishi va oltin narxining sekin asta tushib borishi ta’sir qiladi.





