add

Ozarboyjonda SSSR bayrog‘i ostida kommunistik yurish tashkil etganlar hibsga olindi

Kecha 20:583102 Daqiqa

Ular uzoq vaqt davomida ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan, marksist va kommunistik g‘oyalarni yoyish bilan shug‘ullangan.

Ozarboyjonda SSSR bayrog‘i ostida kommunistik yurish tashkil etganlar hibsga olindi

Ozarboyjonda kommunistik ideologiyani targ‘ib qilish maqsadida SSSR bayroqlari bilan noqonuniy yurish uyushtirmoqchi bo‘lgan guruh a’zolari Boku huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida Abdulla Ibrohimli va Ibrohim Asadliga bo‘lgan dastlabki tekshiruv ishlari yakuniga yetdi va har ikkisiga 3 oylik qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Sud ayblovlarni jamoat tartibini buzishga yo‘naltirilgan harakatlarni tashkillashtirish bilan bog‘liq jinoyat moddalari asosida belgilagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular ijtimoiy tarmoqlarda kommunistik g‘oyalarni targ‘ib qilgan va poytaxt ko‘chalarida ruxsatsiz marsh uyushtirishga uringan.

Hibsga olinganlar uzoq vaqt davomida ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgani, marksist va kommunistik g‘oyalarni yoyish bilan shug‘ullangani ta’kidlanmoqda. Tergovga ko‘ra, guruh maxsus ijaraga olingan ofisda tashkil etilgan yig‘inlar orqali faoliyat yuritgan va ularning faoliyati xorijdagi manfaatdor doiralar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani gumon qilinmoqda.

Qo‘lga olingan Ibrohim Asadli vrach-onkolog ekani, uning ish joyidan Lenin byusti, Che Gevara portretlari va boshqa kommunistik atributika topilgani rasman tasdiqlandi. Asadlining huquq-tartibot idoralari e’tiboriga ilgari ham tushgani, u shifoxonada ishlagan, turmush o‘rtog‘iga nisbatan zo‘ravonlikda ayblangani haqida ham ma’lumot berilgan. Bundan tashqari, u rak kasalligiga nisbatan alternativ davolash usullari haqidagi bahsli bayonotlari bilan ham jamoatchilik diqqatini tortgan.

Politsiya tomonidan o‘tkazilgan tintuvlar chog‘ida ofis va uy-joylardan kommunistik g‘oyalarni targ‘ib etuvchi kitoblar, bayroqlar, CD-disklar, radikal targ‘ibot materiallari va elektron nosirlar musodara qilindi. Tergov ishlari hozir ham davom etmoqda va ayblanuvchilarning faoliyati yoki uning ortida turgan ehtimoliy guruhlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Ozarboyjonda SSSR bayrog‘i ostida kommunistik yurish tashkil etganlar hibsga olindi | Vaqt.uz